Jamiyat | 10:44 / 27.11.2025
52617
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda IIB xodimi bedarak yo‘qoldi. Prokuratura unga ish qo‘zg‘agan

Zafarobod tumani IIB xodimi oktyabr oyi oxirida ishga ketganicha uyiga qaytmagan. Olib borilayotgan qidiruv ishlariga qaramay u topilmayapti. Prokuratura xodimga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Zafarobod tumani IIB PPX va JTSB xodimi Mamayusuf Rahmatullayev bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda Kun.uz’ning bir biridan mustaqil ikki manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Mamayusuf Rahmatullayev 27 oktyabr, dushanba kuni ertalab ishga ketgan. U shundan keyin yashash uyiga qaytmagan. Xodimning qayerga ketgani hozircha ma’lum emas. Olib borilayotgan qidiruv ishlariga qaramay u hamon topilmagan. 

Mamayusuf Rahmatullayevga nisbatan Zafarobod tumani prokuraturasi tomonidan 2025 yil 19 noyabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov buni Kun.uz’ga tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, 34 yoshli Mamayusuf Rahmatullayev Zafarobod tumani Yorqin mahallasida istiqomat qilgan.  

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda u so‘nggi marta to‘siq postida xizmat olib borayotgan vaqtda ko‘ringani keltirilgan. Xabarda Mamayusuf Rahmatullayev haqida biror ma’lumotga ega bo‘lganlar huquqni muhofaza qilish organlariga yoki +998911958388 telefon raqamiga xabar berish so‘ralgan. Biroq Jizzax viloyati IIBning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarida hozircha qidiruv e’loni berilmagan.

Mavzuga oid