Jahon | 09:47 / 27.11.2025
2282
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy matbuot kotibining qarindoshi ICE tomonidan ushlandi

Oq uy matbuot kotibi Karolayn Livittning jiyanining onasi bo‘lgan ayol AQSh migratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) tomonidan hibsga olindi. Bu haqda CNN telekanali manbalari va ayolning advokati ma’lum qildi.

Foto: AP /Evan Vucci

Gap Bruna Kerolayn Ferreyra haqida ketmoqda – u Livittning akasi Maykl Livittning sobiq turmush o‘rtog‘i va uning 11 yoshli o‘g‘lining onasidir. Bola tug‘ilganidan beri asosan Nyu-Gempshir shtatida otasi bilan yashab kelgan, onasi esa u bilan aloqasini saqlab turgan. Ferreyra va Karolayn Livitt bir necha yildan beri bir-biri bilan gaplashmagani aytilmoqda

Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS)ga ko‘ra, Ferreyra 1999 yilda muddati tugagan turistik B2 vizasidan so‘ng AQShni tark etmagan va «noqonuniy ravishda qolib ketgan braziliyalik fuqaro» sifatida tavsiflangan. Shuningdek, rasmiylar uning oldingi jicmoniy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ushlanishi haqida ham gapirgan. Hozirda u Luiziana shtatdagi ICE hibs markazida saqlanmoqda va deportatsiya qilinadi.

Biroq Ferreyraning advokati Todd Pomerlo bu ma’lumotlarni rad etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mijozining jinoiy o‘tmishi yo‘q, va u «jinoiy noqonuniy muhojir» emas. Ferreyra bolaligida ota-onasi tomonidan AQShga olib kelingan va keyinchalik bolaligida kelgan muhojirlar uchun mo‘ljallangan DACA dasturida ishtirok etgan. Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida ushbu dasturni tugatishga urinishlar sabab u o‘z maqomini vaqtida uzaytira olmagan. Hozirda esa u AQSh fuqaroligini qonuniy tartibda olish jarayonida ekani ta’kidlanadi. 

Ferreyra 12 noyabr kuni Boston yaqinida, Massachusets shtatida, Nyu-Gempshirdagi o‘g‘lini maktabdan olib ketish uchun ketar ekan to‘xtatilgan va ICE xodimlari tomonidan ushlangan. U bilan qo‘shma vasiylik huquqiga ega bo‘lgan Maykl Livitt bu vaziyatda eng katta xavotiri o‘g‘lining ruhiy holati va xavfsizligi ekanini aytgan. 

DHS vakillaridan biri AP agentligiga izoh berib, DACA dasturi deportatsiyadan to‘liq va avtomatik himoya bermasligini, shuningdek, u AQShda to‘laqonli huquqiy maqom taqdim etmasligini eslatdi. Bu ish Tramp ma’muriyatining kuchaygan deportatsiya siyosati hatto Oq uy yuqori lavozimdagi amaldorlariga qarindosh bo‘lgan muhojirlarga ham ta’sir qilayotganini ko‘rsatib turibdi. 

 

Mavzuga oid