Jahon | 20:51 / 27.11.2025
24768
5 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasiga batafsil izoh berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha AQSh tinchlik rejasi atrofidagi munozaraga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Foto: ura.ru

Amerikaning Ukrainadagi 28 banddan iborat yangi tinchlik rejasi haqida 19 noyabr kuni ma’lum bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi bunga javoban Amerika rejasidan jiddiy farq qiladigan muqobil rejani tayyorladi. 23 noyabr kuni AQSh va Ukraina Yevropa davlatlari ishtirokida Jyenevada muzokaralar o‘tkazdi. Shundan so‘ng, Kiyevda hujjat loyihasi «hamma ko‘rgan» eski ko‘rinishda «endi mavjud emas» deb e’lon qilindi. Financial Times nashrining yozishicha, Jyenevadagi muzokaralar natijasida tinchlik rejasi 28 banddan 19 bandga qisqartirilgan. Oradan ikki kun o‘tib Donald Tramp reja 22 bandga qisqartirilganini ma’lum qildi.

RBK xabariga ko‘ra, Putin «kelishuvning loyihasi bo‘lmaganini» aytdi: AQSh «muhokama qilish va yakuniy shakllantirish taklif etilgan masalalar to‘plamini» shakllantirgan.

Rossiya, umuman olganda, AQSh taklif qilgan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi bandlari ro‘yxati kelajakdagi kelishuvlarga asos bo‘lishi mumkinligiga qo‘shiladi, dedi Putin. Lekin loyihani «diplomatik tilga» o‘girish kerak.

Putinning aytishicha, ehtimoliy tinchlik kelishuvi Alyaskaga tashrifdan keyin paydo bo‘lgan, biroq uning qoidalari Rossiya-Amerika sammitidan oldin ham muhokama qilingan. «Shundan so‘ng Jyenevada Amerika delegatsiyasi va Ukraina delegatsiyasi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tushunishimcha, ular o‘zaro bu 28 ta bandning barchasini to‘rtta alohida tarkibiy qismga bo‘lish kerak, degan qarorga kelgan. Bularning barchasi bizga topshirildi», dedi u.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning hozirgi rahbariyati bilan hujjatlarni imzolash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, chunki u qonuniyligini yo‘qotgan. Bu rahbariyat saylovga borishdan qo‘rqib, strategik xatoga yo‘l qo‘ydi, deb tushuntirdi Rossiya prezidenti.

«Stalin aytganidek: «Kim qanday ovoz berishi muhim emas, muhimi - kim hisoblab chiqishi». Ulardan [Kiyevdan] kim qodir bo‘lsa, kim xohlasa, muzokaralar olib borsin. Bizning qarorlarimiz asosiy xalqaro o‘yinchilar tomonidan tan olinishi kerak. Mana shu ahamiyatga ega», dedi Putin.

U Amerika delegatsiyasining kelasi hafta Moskvaga tashrif buyurishini e’lon qildi. Unga kim rahbarlik qilishini Tramp hal qiladi.

Rossiya prezidenti o‘z yordamchisi Yuriy Ushakov va AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoffning telefon suhbatlari oshkor qilinishi masalasiga ham to‘xtaldi. Putin so‘zlariga ko‘ra, «bu soxta yoki haqiqiy suhbat bo‘lishi mumkin». Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyada bunday harakatlar uchun jinoiy javobgarlik mavjud. «Maxfiy eshitish mumkin emas. Kuzatib turishga qo‘yildi, ular esa xufyona eshitib turibdi. O‘z ishi bilan shug‘ullanishsin», deb qo‘shimcha qildi u.

Putin Rossiya va Ukraina maxsus xizmatlari aloqalar uchun Abu-Dabi maydonchasidan «faol foydalanayotganini» aytdi. Bizga berilayotgan imkoniyatlar uchun Birlashgan Arab Amirliklari prezidentidan juda minnatdormiz», dedi u.

Putin so‘zlariga ko‘ra, Abu-Dabidagi muzokaralarda Amerika ma’muriyati vakilining paydo bo‘lishi Moskva uchun kutilmagan holat bo‘lgan. «Mana bu uchrashuvga AQSh ma’muriyati vakili ham keldi. Bu biz uchun kutilmagan holat bo‘ldi, ammo biz hech qachon aloqalardan voz kechmaymiz», dedi u.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya «hali ham ba’zi joylarda jangovar harakatlarni to‘xtatish haqida talablar olmoqda». «Ukraina qo‘shinlari egallab turgan hududlarini tark etadi - shunda jangovar harakatlar to‘xtaydi. Agar ketmasa, biz bunga jangovar harakatlar bilan erishamiz», dedi u.

Putin Rossiya umumevropa xavfsizligi masalalarini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi. «Agar bizning g‘arbiy hamkorlarimiz - ularni yana shunday ataymiz - buni xohlayotgan bo‘lsa, marhamat, biz tayyormiz. Yoki, masalan, hujjatlardan birida strategik barqarorlik masalasini amerikalik sheriklarimiz bilan birgalikda hal qilishimiz kerakligi aytilgan. Xo‘sh, marhamat, bunga qarshi emasmiz».

Mavzuga oid