Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Reuters va The Insider: Trampning Ukraina rejasi Kreml takliflariga asoslangan
Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha 28 banddan iborat, avval AQSh ma’muriyati tomonidan taklif qilingan va prezident Donald Tramp tomonidan ma’qullangan tinchlik rejasi ko‘p jihatdan Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev tomonidan tuzilgan hujjatga asoslangan. Bu haqda chorshanba, 26 noyabr kuni The Insider nashri xabar berdi. Nashr ta’kidlashicha, u ushbu hujjat bilan bir necha oy avval, Rossiya hukumatiga yaqin manba orqali tanishib chiqqan.
Foto: Reuters
The Insider yozishicha, Dmitriyev o‘z rejasini Tramp 2025 yil yanvar oyida ikkinchi inauguratsiyadan so‘ng Oq uyga qaytganidan ko‘p o‘tmay tuzgan. U hujjatda Vashington tomonidan Qrim, Donetsk va Luxansk viloyatlarini Rossiyaniki sifatida amalda tan olish, Zaporijjya va Xerson viloyatlarida front chizig‘ini “muzlatib qo‘yish”, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini taqiqlash va uning hududiga g‘arb tinchlikparvar kuchlarini joylashtirmaslik, shuningdek Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish nazarda tutilgan edi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya konsepsiyasida Tramp ma’muriyatining qattiq “biznesga yo‘naltirilgan” yondashuvini hisobga olgan holda ikki “teshik” ham bor edi. Birinchisi shundan iborat ediki, AQSh urushdan keyingi Rossiya iqtisodiyotiga investitsiya kiritish imkoniyatiga ega bo‘lar edi — kutilganidek, bunday iqtisodiyot “katta moliya tanqisligi va investitsiyalarga kuchli ehtiyoj” sezishi kerak. E’lon qilingan 28 band ichida g‘arbda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlarining bir qismini AQSh–Rossiya investitsiya fondiga yo‘naltirish taklifi bor, u ikki davlatning qo‘shma loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanishi kerak bo‘ladi.
Ikkinchisi esa, The Insider manbasining aytishicha, Amerika rejasiga kiritilmagan. Manba uni quyidagicha izohlagan: “Biz, shaxsan men, Xitoyni AQShga almashtirishga tayyor bo‘lardim”. U qo‘shimcha qilishicha, Rossiya elitasi “g‘arb investorlari ketishi natijasida hosil bo‘lgan bo‘shliqdan foydalanayotgan Xitoyning iqtisodiyotdagi roli tobora ortayotganidan qattiq jahli chiqyapti”. Nashr taxmin qilishicha, bu punkt keyinchalik olib tashlangan, chunki “Rossiya o‘zining eng muhim strategik ittifoqchisi bilan bir kuni bo‘lsa ham aloqani uzishi mumkinligi haqida hatto ishora berishni ham istamagan”.
The Wall Street Journal 24 noyabr kuni yozishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner go‘yoki birinchi qoralama variantni “Yaqin Sharq safaridan qaytar ekan, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv muvaffaqiyatidan ilhomlanib” yozgan, keyin esa uning detallarini Dmitriyev bilan birga ishlab chiqqan. Ammo The Insider fikricha, hatto Uitkoff va Kushner hujjatga nimanidir qo‘shgan bo‘lsa ham, bu unchalik katta hissa emas, chunki ularning varianti “Dmitriyev matnini deyarli so‘zma so‘z takrorlaydigan aniq formulirovkalarni o‘z ichiga oladi”.
Bloomberg agentligi 25 noyabr kuni Stiven Uitkoff va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov o‘rtasidagi telefon suhbati stenogrammasini e’lon qildi. Unda Uitkoff Vladimir Putin Donald Tramp bilan suhbatda qanday yondashuvni tanlashi kerakligi haqida Ushakovga ko‘rsatmalar bergan. “Menimcha, quyidagicha bo‘lsa, juda ajoyib bo‘lar edi, — deydi, jumladan, AQSh prezidentining maxsus vakili. — Balki u prezident Trampga shunday der: ‘Bilasanmi, Stiv va Yuriy 20 banddan iborat tinchlikka erishish rejasini muhokama qildi, va bu vaziyatni siljitishga qodir narsa bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayapmiz’”. Ma’lumotlarga ko‘ra, 16 oktyabr kuni Tramp va Putin ikki soatdan ortiq vaqt telefon orqali suhbatlashgan.
Bloomberg e’lon qilgan stenogrammaga ko‘ra, 29 oktyabr kuni Kirill Dmitriyev Ushakov bilan telefon orqali suhbatda o‘z rejasini qanday qilib AQSh takliflari sifatida ko‘rsatish mumkinligini muhokama qilgan. O‘shanda u hujjat Amerika tomoniga “norasmiy tarzda” topshirilishini aytgan, Vashington esa, uning fikricha, bevosita Rossiya versiyasini emas, “unga imkoni boricha yaqin bo‘lgan variantni” oladi. Ushakov esa xavotirini bildirib: “Ular keyin uni qayta yozishi ham mumkin — va tamom”, — degan.
“Tramp rejasi” deb atalgan 28 bandli hujjat AQSh ma’muriyatiga Rossiya tomonidan yuborilgan hujjat asosida tayyorlangani haqida Reuters agentligi ham xabar bergan. Bu haqda oktyabr o‘rtalarida, Trampning Volodimir Zelenskiy bilan Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng ma’lum qilingan. OAV xabariga ko‘ra, bu uchrashuv tarang muhitda o‘tgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki rejada Kiyev qabul qilmagan formulirovkalar bor edi — xususan, Ukrainaning “sharqdagi hududi sezilarli qismini” Rossiyaga berishini nazarda tutuvchi band. AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya takliflari bilan tanishib chiqqan boshqa bir qator yuqori martabali amerikalik mansabdorlar Kiyev Moskva talablarini qabul qilmasligini oldindan aytgan, deb yozadi Reuters.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025