Jahon | 11:59 / 28.11.2025
2810
3 daqiqa o‘qiladi

Boyqo‘ng‘irda «Soyuz» uchirilishi yagona start maydonchasini shikastladi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Boyqo‘ng‘ir kosmodromida 31-start maydonchasi ostiga u yerda bo‘lishi kerak bo‘lmagan metall konstruksiya qulagan. Mutaxassislar fikricha, endi Rossiya Xalqaro kosmik stansiyaga pilotli kemalarni uchira olmasligi mumkin.

Foto: Roskosmos

Boyqo‘ng‘ir kosmodromida Rossiyaning «Soyuz MS-28» kosmik kemasi uchirilgandan so‘ng xizmat ko‘rsatish kabinasining bir qismi qulagan. Bu haqda raketa uchirilishi bo‘yicha tahlilchi Georgiy Trishkin 27 noyabr, payshanba kuni The Insider nashriga bergan izohida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ta og‘ir konstruksiya tongdagi startdan so‘ng darhol 31-maydoncha ostiga qulagan. Hodisa sabablari hali noma’lum.

Kosmonavtika bilan shug‘ullanuvchi Vitaliy Yegorov ta’kidlashicha, «Roskosmos» translatsiyasida «start stoli ostidagi gaz chiqarish lotogida u yerda bo‘lishi mumkin bo‘lmagan qandaydir og‘ir metall konstruksiya paydo bo‘lgani» ko‘ringan.

Yegorov taxminiga ko‘ra, bu «xizmat ko‘rsatish “balkoni” bo‘lishi mumkin — u start stoli ostidagi maxsus joydan chiqib keladi, raketa startga tayyorlanayotganda foydalaniladi, start paytida esa zirhli devor ortiga yashirinib ketishi kerak».

Trishkin ta’kidlashicha, Boyqo‘ng‘irdagi 31-start maydonchasi Rossiyaning Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga odamlar ekipaji bilan uchadigan missiyalari uchun yagona start maydonchasidir. Uning fikricha, endi «Soyuz» va «Progress» kemalarini XKSga uchirish noma’lum muddatgacha kechiktirilishiga to‘g‘ri keladi.

Yegorov esa o‘z navbatida shunday dedi: «Aslida shu kundan boshlab Rossiya kosmosga odam yuborish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi, bunday holat 1961 yildan beri kuzatilmagan edi».

Rossiya davlat korporatsiyasi «Roskosmos» start maydonchasi shikastlangani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan «Soyuz MS-28» kosmik kemasi uchirilgandan so‘ng start maydoni ko‘zdan kechirilib, «start stoli elementlarining bir qismi shikastlangani aniqlandi», deb xabar berildi «Roskosmos»da. Shu bilan birga, «qayta tiklash uchun zarur bo‘lgan barcha zaxira qismlar mavjud»ligi, «yaqin vaqt ichida zarar bartaraf etilishi» ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid