Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hongkongdagi turar joy majmuasida yong‘in: kamida 94 kishi halok bo‘ldi
Yong‘in Hongkongdagi Wang Fuk Court turar joy majmuasining sakkiz korpusidan kamida beshtasini qamrab oldi. Hokimiyat yuzlab bedarak yo‘qolganlar haqida xabar bermoqda.
Foto: AP
Hongkongda turar joy majmuasida sodir bo‘lgan yirik, vayronkor yong‘in oqibatida kamida 94 kishi halok bo‘ldi, yana 80 dan ortiq kishi, jumladan o‘t o‘chiruvchilar ham, turli darajada jarohat oldi. Bu haqda juma kuni, 28 noyabr kuni ertalab mahalliy OAV tezkor xizmatlarga tayanib xabar berdi.
Shaharning shimolida joylashgan Tay Po tumanida 26 noyabr, chorshanba kuni chiqqan yong‘in tezlik bilan bambukdan qilingan qurilish havozalari bo‘ylab tarqalgan va bir necha ko‘p qavatli binolarga o‘tib ketgan. O‘t o‘chirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in Wang Fuk Court turar joy majmuasining sakkizta korpucidan kamida beshtasini qamrab olgan. Halok bo‘lganlar orasida o‘t o‘chiruvchi ham bor — u yong‘inni o‘chirish paytida jamoasi bilan aloqa uzilib qolgan, keyinroq esa tanasida yong‘indan qolgan izlar bilan topilgan.
Hokimiyat bu yong‘inga eng yuqori — beshinchi xavf darajasini berdi. Hongkongda yong‘inga bunday kategoriya so‘nggi marta 2008 yilda berilgan edi.
O‘t o‘chirish xizmati rahbarining o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, yong‘in shamol va uchib ketgan parchalar sabab «juda katta tezlik» bilan tarqalgan. Yong‘inning rasmiy sababi hali aniqlanmagan. Ilgari mahalliy aholi yaqin atrofda ishlayotgan ishchilarning ish vaqtida sigaret chekishidan shikoyat qilgani haqida South China Morning Post nashri xabar berdi.
Shuningdek, yong‘in bilan bog‘liq holda ehtiyotsizlik ortidan odam o‘limiga sabab bo‘lganlikda gumon qilinib uch nafar erkak ushlangani ham ma’lum qilindi.
Hongkongda dunyoda aholi eng zich yashaydigan turar joy binolari joylashgan. Ilgari bu shaharda o‘limga olib keluvchi yong‘inlar, ayniqsa kambag‘al tumanlarda, tez-tez uchrab turardi. Biroq so‘nggi o‘n yilliklarda xavfsizlik choralari sezilarli darajada kuchaytirildi va bugungi kunda Hongkong turar joy kvartallaridagi yirik yong‘inlar ancha kamaygan hisoblanadi.
Mavzuga oid
21:40 / 03.12.2025
“Yong‘in payti oshxonada odam ko‘p edi” – Gulistondagi portlash joyidan reportaj
19:45 / 03.12.2025
50 ming dollarlik da’vo: Toshkentda zaryadga qo‘yilgan elektromobil nega yonib ketgandi?
12:53 / 01.12.2025
Hongkongdagi yong‘in qurbonlari 140 nafardan oshdi. Xitoy namoyishlar boshlanishidan xavotirda
09:00 / 01.12.2025