Jahon | 10:41 / 28.11.2025
1703
4 daqiqa o‘qiladi

Vashington–Pretoriya mojarosi: Tramp JARni G20 Mayami sammitidan chetlatmoqchi

AQSh prezidenti JARni Mayamidagi «yigirmatalik» sammitiga taklif etmasligini ma’lum qildi. Donald Tramp Janubiy Afrika Respublikasini «oq tanlilarni genotsid qilish»da ayblamoqda. JAR esa «haqoratlarni» qabul qilmasligini bildirdi.

Foto: AFP

Janubiy Afrika Respublikasi hokimiyati AQSh prezidenti Donald Trampning uning ko‘rsatmasiga binoan JAR Mayamida 2026 yil dekabrda bo‘lib o‘tadigan «katta yigirmatalik» (G20) sammitiga taklif etilmasligi haqidagi bayonotidan qattiq norozi.

«Janubiy Afrika – suveren, demokratik, konstitutsion davlat bo‘lib, uning a’zolik maqomi va global maydonlarda ishtirok etish huquqiga boshqa mamlakatlar tomonidan berilgan har qanday haqoratli bayonotlarni qabul qilmaydi», – dedi JAR prezidenti Siril Ramafosa 27 noyabr, payshanba kuni.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp JAR–AQSh munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha JARning ko‘plab sa’y-harakatlariga qaramay, «dezinformatsiyaga» tayanib, mamlakatga nisbatan «jazo choralari» ko‘rmoqda, bu esa afsuslanarli hol. JAR prezidenti devoni, shuningdek, 21–22 noyabr kunlari Yohannesburgda o‘tgan «katta yigirmatalik» sammitiga AQSh delegatsiyasi kelmagan bo‘lsa-da, «ushbu sammit boshqa G20 davlatlari tomonidan muvaffaqiyatli deb baholanganini va ko‘p tomonlama yondashuvning ahamiyatini tasdiqlaganini» ta’kidladi.

Bundan avval Oq uy rahbari Yohannesburg sammiti yakunlangach, Janubiy Afrika Respublikasi AQShga «yigirmatalik»dagi navbatdagi raislikni ramziy tarzda to‘g‘ri topshirmagani uchun tanqid qilgan edi. JAR hokimiyati esa, Amerika tomonining yuqori martabali siyosatchilari sammitga kelmagani bois, raislikni AQSh elchixonasining bir mansabdor shaxsiga topshirganini bildirgan.

26 noyabr kuni AQSh prezidenti Truth Social platformasidagi blogida shunday yozdi: «Qo‘shma Shtatlar G20 sammitida Janubiy Afrikada ishtirok etmadi, chunki JAR hukumati afrikanerlar va niderland, fransuz, nemislar avlodlariga nisbatan amalga oshirilayotgan dahshatli huquqbuzarliklar muammosini tan olishdan va hal qilishdan bosh tortmoqda. Oddiy qilib aytganda, ular oq tanlilarni o‘ldirmoqda va ularning fermalari hech qanday cheklovsiz tortib olinishiga yo‘l qo‘ymoqda».

Shu sababli, deb davom etdi Tramp, u Mayamidagi «yigirmatalik» uchrashuviga JARni taklif etmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma bergan. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bu mamlakatga nisbatan «barcha to‘lovlar va subsidiyalar»ni to‘xtatadi.

JAR hokimiyati oq tanli aholi huquqlarini buzish ayblovlarini rad etadi. Prezident Ramafosa mamlakatdagi jinoyatchilik va zo‘ravonlik darajasi juda yuqori ekanini tan oladi, biroq qurbonlarning ko‘pchiligini aslida qora tanli aholi tashkil qilishini ta’kidlaydi.

2024 yil oktyabrida AQSh ma’muriyati yillik qabul qilinadigan qochqinlar limitini 125 ming kishidan 7500 nafargacha keskin kamaytirgan holda, bu o‘rinlarning katta qismini JARning oq tanli fuqarolari uchun zaxira qilib qo‘ygan edi. 2025 yil may oyida esa Qo‘shma Shtatlar ularning ilk guruhini qochqin sifatida qabul qildi.

«Biz, aslida, zo‘ravonlikdan qochib kelgan va bu yerga yetib kelgan odamlarga fuqarolik berdik», – degan edi o‘sha paytda Tramp.

Mavzuga oid