Ta’lim | 09:53 / 28.11.2025
1670
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik universitetda fakultet dekanlari saylov asosida 2 yilga tayinlanadi

Prezident farmoniga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlari, akademik departament boshliqlari va markaz rahbarlari endilikda saylov asosida 2 o‘quv yili muddatiga saylanadi. Bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq ushbu lavozimlarda ishlashi mumkin emas.

Farmonga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universitetida ta’lim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi yangicha tarzda shakllantiriladi. Yangi tizim quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • akademik departamentlar;
  • tadqiqot markazlari;
  • amaliyot va karera markazlari.

Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar tashkil etiladi hamda ular tarkibida shu’balar faoliyat yuritadi. Shu’balar professor-o‘qituvchilar tarkibidan shakllantiriladi va ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.

Tadqiqot markazlari esa fakultetlar yo‘nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan tashkil topadi va huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Muhim yangilik shundaki, endilikda fakultet dekanlari, akademik departament boshliqlari, markazlar rahbarlari saylash amaliyoti orqali 2 o‘quv yiliga saylanadi. Shu bilan birga, bir shaxs ushbu lavozimlarga surunkasiga 2 muddatdan ortiq saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari hisoblanadi.

Mazkur o‘zgarishlar universitetda boshqaruvni demokratlashtirish, mas’uliyat va shaffoflikni oshirish, shuningdek, yuridik ta’limda ta’lim, ilmiy tadqiqot va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid