Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berlin: Orbanning Kremlga tashrifi Yevropa pozitsiyasini ifodalamaydi
Vengriya bosh vaziri Rossiyaga safarini Yevropa Ittifoqi bilan muvofiqlashtirmagan. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers bildirdi. Vladimir Putin Viktor Orbanni Kremlda qabul qildi, bu siyosatchilarning hozirgacha bo‘lib o‘tgan o‘n to‘rtinchi uchrashuvi hisoblanadi.
Fridrix Mers Foto: Michael Kappeler/dpa
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Moskvaga "Yevropa mandatisiz" bordi. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers juma kuni, 28 noyabrda, Berlinda Sloveniya bosh vaziri Robert Golob bilan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
U eslatib o‘tishicha, 2024 yil iyulida Orban Rossiyaga borganidan keyin — rotatsiya bo‘yicha YeIda raislik Budapeshtga o‘tishi ortidan — Rossiyaning Ukrainaga havodan bergan zarbalari kuchaygan. "O‘shandagi tashrif faqat omadsiz bo‘lib qolmadi. Undan ikki-uch kun o‘tib, Rossiya armiyasi tomonidan, jumladan Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasi va fuqarolik obektlariga nisbatan eng kuchli hujumlardan biri amalga oshirildi", — deb esga soldi Mers. "Umid qilamanki, bu safar Rossiya tomonidan bunday reaksiya kuzatilmaydi. Lekin u (Orban — tahr.) Yevropa mandatisiz va biz bilan buni muvofiqlashtirmasdan bormoqda", — deya ta’kidladi Germaniya hukumati rahbari.
Robert Golob esa o‘z navbatida bayonotida diplomatik iboralar ishlatishni istamasligini aytdi. "Aftidan, Viktor Orban bir qancha vaqtdan buyon Yevropa jamoasi tarkibida o‘ynamayapti", — dedi Sloveniya bosh vaziri. "Biz bu tashrifdan hech qanday foyda, hech qanday afzallik kutmayapmiz", — deya qo‘shimcha qildi u va Orban avvalo o‘z manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilayotganini ta’kidladi.
Germaniya hukumati rasmiy vakili o‘rinbosari Shteffen Mayyer GFR hukumatining matbuot anjumanida DW iltimosiga ko‘ra Orbanning Rossiyaga safariga munosabat bildirdi. "Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda qat’iy ravishda Ukraina tomonida turibmiz, o‘t ochishni imkoni boricha tezroq to‘xtatishni, shuningdek, Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlikni, Yevropaning xavfsizligini talab qilamiz. Bu kansler olib borayotgan muzokaralarda ham, boshqa turli formatlar doirasidagi muloqotlarda ham bizning ustuvor masalamiz hisoblanadi", — dedi Mayyer.
"Eng hal qiluvchi narsa shuki, Vladimir Putin muzokaralar stoliga o‘tirishi kerak… Men shunday degan bo‘lardimki, qolgan barcha narsalarni ma’lum ma’noda e’tiborsiz qoldiramiz", — deya qo‘shimcha qildi u.
DW'ning "Yevropa Ittifoqi Orbanni o‘zining 'hamkori' deb hisoblaydimi?" degan savoliga javob berar ekan, Shteffen Mayyer shunday dedi: "Ishonch bilan ayta olamanki, Yevropa Ittifoqi doirasida, 'ko‘ngillilar koalitsiyasi'da biz doimo turli formatlarda — masalan, yevropaliklar sifatida — Vladimir Putinga nisbatan sanksion bosimni kuchaytirish yo‘llarini topib kelganmiz. Buni shunday maqsadda qildikki, u, nihoyat, muzokaralar stoliga chin dildan, faqat so‘zda emas, balki amaliy jihatdan ham jiddiy ravishda o‘tirsin".
"Bizning oramizda boshqacha pozitsiyalar, turli fikrlar bo‘lgan hollarda ham, biz, yevropaliklar, doimo birdam va qat’iy tarzda harakat qilish, shuningdek, qarorlar qabul qilish yo‘llarini topganmiz", — deya xulosa qildi Shteffen Mayyer.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Orbanni Kremlda qabul qildi. Rossiya tomonidan muzokaralarda prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, vitse-premer Aleksandr Novak va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etdi.
"Interfaks" agentligi xabariga ko‘ra, Vengriya hukumati rahbari Ukrainada urush boshlangandan beri Rossiyaga ikkinchi marta keldi.
Putin o‘z navbatida AQSh prezidenti Donald Tramp bundan oldin Budapeshtni Rossiya–AQSh sammiti uchun ehtimoliy maydon sifatida taklif etganini eslatdi. Agar bu uchrashuvni o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishilsa, u Vengriya poytaxtida bo‘lib o‘tadigan sammitda ishtirok etishdan mamnun bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
"Sizning mamlakatingizda men bilan AQSh prezidenti o‘rtasida ehtimoliy uchrashuv o‘tkazish taklifiga shunday munosabat bildirganingiz uchun rahmat. Bu Donaldning taklifi edi. U shunday dedi: 'Bizda Vengriya bilan yaxshi munosabatlar bor, sening Viktor bilan, mening ham yaxshi munosabatlarim bor. Shu variantni taklif qilaman'. Albatta, biz mamnuniyat bilan rozi bo‘ldik", — deya Putinning so‘zlarini keltiradi "Interfaks".
Reuters agentligi eslatishicha, Vengriya bosh vaziri Putin bilan bu safar o‘n to‘rtinchi marta uchrashmoqda.
Mavzuga oid
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
22:15 / 04.12.2025
BRICS yagona valutasini joriy etishga shoshilishdan ma’no yo‘q – Putin
15:45 / 04.12.2025