Jahon | 13:09 / 29.11.2025
2051
4 daqiqa o‘qiladi

Bryussel – Ukrainaga: Agar YeIga kirmoqchi bo‘lsangiz, korrupsionerlarni sud qiling

Kiyev korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarining samaradorligini isbotlashi kerak, dedi YeI adliya masalalari bo‘yicha komissari Makgrat. Uning izohi Volodimir Zelenskiyning yaqin atrofiga oid korrupsiya ayblovlari fonida yangradi.

Foto: AP

Agar Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lida oldinga harakatlanishni istasa, u siyosat va biznesdagi korrupsiya ishlari bo‘yicha haqiqiy sud hukmlariga erishishi shart. Bu haqda juma kuni, 28 noyabrda, adliya masalalari bo‘yicha yevrokomissar Maykl Makgrat ma’lum qilib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga yaqin hamkorlariga qarshi korrupsiya ayblovlari ortidan tushayotgan bosim haqida fikr bildirdi.

Politico nashriga bergan intervyusida Makgrat ta’kidlashicha, Yevropa hukumatlari agar Kiyev oliy hokimiyat pog‘onalaridagi jinoyatlarga qarshi kurashishning samarali tizimi mavjudligini isbotlay olmasa, Ukraina YeIga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud tizimi va korrupsiyaga qarshi idoralarni isloh qilish Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga da’vogar barcha davlatlar uchun asosiy shart hisoblanadi.

Ukrainadagi islohotlar jarayoni “uzoq yo‘l” ekanini tan olgan yevrokomissar, shu bilan birga Kiyev korrupsiyaga qarshi kurashda "eng yuqori darajada sa’y-harakatlar qilayotgani"ga ishora qildi. Maykl Makgrat, shuningdek, vaziyat rivoji borasida Ukraina rasmiylari bilan muntazam muloqotda ekanini qayd etdi.

«Har bir nomzod mamlakatda yuqori darajadagi ehtimoliy korrupsiya ishlarini ko‘rib chiqish uchun ishonchli tizim mavjud bo‘lishi kerak. Ishonchli tergov tizimi, va natijada – ta’qib qilish va sud hukmini chiqarish tizimi kerak. Bu sohada samarali ish ko‘rsatish – barcha a’zo davlatlardan va albatta, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intiluvchilardan talab qiladigan shartdir», – dedi Makgrat.

Uning bayonotidan so‘ng, korrupsiyaga qarshi idoralar davom etayotgan tergov doirasida Zelenskiyning eng nufuzli maslahatchilaridan biri Andrey Yermak bilan bog‘liq binolarda tintuv o‘tkazdi, deb yozadi Politico.

Nashr ta’kidlashicha, bu tergov Ukraina uchun juda tarang bir davrga to‘g‘ri keldi. AQSh prezidenti Donald Tramp Zelenskiyga bosim o‘tkazib, Rossiyaga Ukraina hududining bir qismini berishni nazarda tutuvchi tinchlik rejasini qabul qilishni talab etmoqda.

Shu bilan birga, Ukraina YeIga a’zo bo‘lish uchun ariza berish jarayonini davom ettirmoqda, biroq bu yo‘lda Vengriya to‘siq bo‘lmoqda. Makgrat «bir xil standart barcha nomzod-davlatlarga tatbiq etilishini» eslatdi va qonun ustuvorligi hamda sud islohotlari «qo‘shilish jarayonining markazida» ekanini ta’kidladi.

«Biz Ukraina hokimiyatlari bilan bu talablar qanday ekani haqida juda ochiq va rostgo‘y munosabatdamiz», – dedi yevrokomissar. Qonun ustuvorligi standartlari Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilayotgan barcha mamlakatlar tomonidan bajarilishi lozim. «Agar ular bajarilmasa, Yevropa Ittifoqi a’zo-davlatlaridan qo‘shilish yo‘lida oldinga siljish uchun qo‘llab-quvvatlov ololmaysiz», – deya qayd etdi u.

Mavzuga oid