Jamiyat | 12:50 / 29.11.2025
2253
2 daqiqa o‘qiladi

Mahallalar, turistik maskanlar va maktablarda qo‘riqlash kuchaytiriladi

Yangi chora-tadbirlar doirasida mahallalar, turistik infratuzilma obektlari, ommaviy dam olish joylari va ta’lim muassasalarida qo‘riqlash tizimi bosqichma-bosqich kuchaytiriladi.

Foto: Kun.uz

Qarorga ko‘ra, Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti etib qayta tashkil etildi. Departament:

  • shartnoma asosida davlat, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa obektlar, ta’lim muassasalari, savdo, xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar va qurilish obektlarini zamonaviy usullar orqali qo‘riqlaydi;
  • qo‘riqlanayotgan obektlarda ichki tartib va nazorat rejimlarini ta’minlaydi;
  • qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etadi;
  • qo‘riqlanadigan obektlarga o‘rnatilgan qo‘riqlash texnik vositalari va tizimlariga xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi.

Kriminogen vaziyati og‘ir hududlardagi mahalla huquq-tartibot maskanlari tuzilmasiga qo‘riqlash xizmati inspektori lavozimi kiritiladi. Shuningdek, shunday hududlarda, turistik infratuzilma obektlarida va ommaviy dam olish joylarida Qo‘riqlash departamentining qo‘riqlash-patrul xizmati naryadlari tashkil etiladi.

Qarorda “Xavfsiz ta’lim” konsepsiyasi joriy etilishi ham nazarda tutilgan bo‘lib, u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari, shuningdek xorijiy ta’lim muassasalari filiallarini shartnoma asosida jismoniy va texnik qo‘riqlash tizimlari orqali himoya qilish;
  • ta’lim muassasalarida qo‘riqlash signalizatsiyalari, “tashvish tugmalari”, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid