Jahon | 09:15 / 29.11.2025
3752
5 daqiqa o‘qiladi

OAV: Uraldagi harbiy bazada raketa uchirilishi chog‘ida portlab ketdi

OAV Orenburg viloyatidagi Orsk shahri yaqinida, Yasniy shaharchasi atrofida joylashgan poligonda sodir bo‘lgan portlash videosi haqida xabar tarqatmoqda. Rasmiy izohlar hozircha yo‘q.

Foto: Cover-Images/IMAGO

Rossiya Qurolli Kuchlarining Strategik raketa qo‘shinlariga qarashli Yasniy shahri yaqinidagi bazada raketa muvaffaqiyatsiz uchirildi — u boshqaruvdan chiqib ketdi, yerga quladi va portladi, deb xabar qilmoqda OAV. Hodisa shanba kuni, 28 noyabr kunduzi ro‘y bergan. Portlash haqidagi ma’lumotlar guvohlarning xabarlari va ochiq manbalardagi ma’lumotlar bilan tasdiqlanadi.

Shahar aholisi harbiy obekt hududida ko‘tarilayotgan yorqin rangdagi qattiq tutun buluti aks etgan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. Shuningdek, shahar chatlarida tutun buluti ostida qolganlar nafas olishga qiynalanayotgani va o‘tkir hiddan shikoyat qilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, deb yozadi 56orb mintaqaviy yangiliklar portali.

Ukrainaning Supernova+ loyihasi, taxminlarga ko‘ra, raketa uchirilishi va uning yerga qulashi aks etgan videoni e’lon qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa "Dombarovskiy" pozitsion rayonida sodir bo‘lgan, u yerda "Yasniy" harbiy kosmodromi joylashgan.

Shahar OAV ta’kidlashicha, Yasniy shahar hokimiyati sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha hech qanday sharh bermagan. Shu bilan birga, poligonda sodir bo‘lgan portlash va yong‘in haqidagi xabarlar NASA'ning FIRMS yong‘inlar monitoringi servisidagi ma’lumotlar bilan ham tasdiqlanadi.

The Insider nashri ta’kidlashicha, Orenburgdan taxminan 500 km va Orskdan 50 km masofada joylashgan "Yasniy" kosmodromi 2023 yilda strategik yadroviy raketalar kompleksi "Avangard"ni uchirish imkoniyatini ta’minlash uchun qayta qurila boshlangan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu kompleksni ilk bor 2018 yilda taqdim etgan va o‘sha paytda yangi raketa atmosferaning qattiq qatlamlarida manyovr qila olishi, qit’alararo masofada parvoz qilishi va amalda uni urib tushirib bo‘lmasligi haqida aytgan edi.

NATOda keyinchalik bu tizim Rossiya va AQSh o‘rtasidagi strategik qurollar bo‘yicha kuchlar muvozanatiga ta’sir qilmasligi qayd etildi. "Bizda Rossiya uchun chetlab o‘tish imkonsiz darajadagi raketaga qarshi mudofaa tizimi yo‘q. Ular buni hozir ham yetarlicha samarali qila oladi", — deb ta’kidladi DW suhbatdoshi, NATOdagi manba.

"Avangard" sinovlari va Putin tomonidan keltirilgan texnik ko‘rsatkichlar Vashington tomonidan qattiq tanqidlarga sabab bo‘lgan omillardan biri bo‘ldi — AQSh bunday raketa yaratilishini 1987 yilda KPSS bosh kotibi Mixail Gorbachyov va AQSh prezidenti Ronald Reygan imzo chekkan O‘rta va kichik masofali raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomani buzish, deb hisoblaydi. 2019 yilda AQSh prezidenti (o‘shanda birinchi muddatda edi) Rossiya harakatlariga, jumladan, 9M729 qanotli raketalarini yashirincha ishlab chiqishga javoban, shartnomadan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Keyinchalik Rossiya ushbu raketalardan Ukrainaga qarshi o‘zining hozirgacha davom etayotgan to‘liq masshtabli hujumi doirasida foydalandi.

Shu bilan birga, Yasniyda aynan "Avangard" kompleksining raketa uchirilishi muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida hech qanday tasdiq yo‘q. Raketalar uchirilishini tahlil qiluvchi mutaxassis Georgiy Trishkin The Insider nashriga aytishicha, videoda R-36M2 "Voyevoda" raketa uchirilishidagi muvaffaqiyatsizlik aks etgan bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, bu portlash paytida ko‘ringan qo‘ng‘ir-binafsha rangdagi tutun bilan izohlanishi mumkin. Tahlilchi shuni ham qo‘shimcha qildiki, bunday tutun juda zaharli.

MilitaryRussia loyihasi yozishicha, shaxtali uchirish qurilmasidan foydalaniladigan ushbu kosmodromdan 15A28 "Sarmat" qit’alararo ballistik raketasi ham uchirilishi mumkin. OAVda avvalroq yozilishicha, bunday raketa 2024 yilda Arxangelsk viloyatidagi "Plesetsk" kosmodromida muvaffaqiyatsiz uchirish vaqtida shaxtada portlab ketgan. Qator tahlilchilar fikricha, aynan Plesetskdagi ushbu hodisadan so‘ng "Sarmat" sinovlari "Dombarovskiy"ga ko‘chirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid