Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Qaroqchilar” furaga hujum qildi
Toyloq tumanidagi logistika markaziga qarashli bir nechta yuk mashinasi 28 noyabr kechasi qasddan yoqib yuborildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “tungi qaroqchilar” jamiyat haydovchisi bilan janjallashib qolgan. Markaz hovlisidagi furalarda bir necha million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari saqlanayotgan bo‘lgan.
Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, holatni o‘rgandi.
Yondirilgan yuk mashinalari "JURAKHON GOLD LOGISTIK" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Korxona import-eksport faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Yuk mashinalarini yoqishga jamiyat haydovchisi bilan kelib chiqqan o‘zaro tortishuv sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Guvohlarga ko‘ra, ikkita “Kamaz” logistika markazidan taxminan bir kilometr uzoqlikda saqlangan. Avvalo o‘sha ikki “Kamaz”ga benzin sepilgan va yoqib yuborilgan. Markaz xodimlari ushbu yong‘in bilan band bo‘lgan paytda “tungi qaroqchilar” logistika markaziga kelib, yana bir furani yoqqan.

Yongan fura yaqinida farmatsevtika mahsulotlari to‘la bir nechta yuk mashinasi turgani aytilmoqda. Agar yong‘in o‘z vaqtida bartaraf etilmaganida, zarar bir necha million dollarga yetishi mumkin edi. Markaz ma’muriyatiga ko‘ra o‘t o‘chirish xizmati xodimlari hodisa joyiga o‘z vaqtida yetib kelib, yong‘in kengayishining oldini olgan.

Dastlabki ma’lumotlarda ma’lum qilinishicha, yong‘in natijasida tadbirkor 600 million so‘mga yaqin zarar ko‘rgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, Toyloq tumanidagi ushbu mahallada aksariyat tadbirkorlar logistika xizmati bilan shug‘ullanib keladi. Hudud ushbu xizmatga ixtisoslashgan.



Tadbirkorlar esa bunday surbetlik bilan yong‘in chiqarib, o‘zganing mulkiga zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini talab qilmoqda.
Holat bo‘yicha Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasiga Kun.uz so‘rovi yuborilgan. Hozircha voqea yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmagan.
Isomiddin Po‘latov,
Faxriddin Hotamov,
Kun.uz
Mavzuga oid
08:14 / 03.12.2025
“O‘rganishga vaqt va imkoniyat berishdi” - AQShda logistika sohasida ishlayotgan o‘zbek qizi
13:18 / 01.12.2025
O‘zbekiston Bangladesh kompaniyalari uchun tranzit va ishlab chiqarish habi bo‘lishi mumkin
16:01 / 30.11.2025
Samarqandda furalarni yoqib yuborganlar qamoqqa olindi
20:20 / 15.11.2025