Jahon | 10:53 / 29.11.2025
1771
2 daqiqa o‘qiladi

Roskomnadzor WhatsApp messenjerini to‘liq bloklash bilan tahdid qilmoqda

Regulyator mazkur messenjer jinoiy faoliyat uchun ishlatilayotgani va RF qonunchiligi talablarini bajarmayotgani haqida ma’lum qilmoqda. U cheklovlarni bosqichma-bosqich joriy etayotganini ma’lum qildi va rossiyaliklarni mahalliy servislarga o‘tishga chaqirdi.

Foto: picture alliance

Roskomnadzor (RKN) juma kuni, 28 noyabrda, Rossiya qonunchiligini buzishni davom ettirayotgan WhatsApp messenjeri mamlakat hududida mutlaqo bloklanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Regulyator matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu servis "mamlakat hududida terrorchi harakatlarni tashkil etish va o‘tkazish, ularning ijrochilarini yollash, fuqarolarga nisbatan firibgarlik va boshqa jinoyatlarni amalga oshirish uchun ishlatiladi". Shu bilan birga, RKN WhatsApp’ga nisbatan yangi cheklov choralarini bosqichma-bosqich joriy etayotganini ma’lum qildi va foydalanuvchilarga "milliy servislarga o‘tish"ni tavsiya etdi.

Shu bilan birga, ayrim yuqori lavozimdagi rossiyalik amaldorlar WhatsApp messenjeridan faol foydalanishni davom ettirmoqda. Masalan, yaqinda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan telefon suhbati yozuvining sizib chiqishiga izoh berar ekan, "Kommersant" gazetasiga Moskva ba’zan Vashington bilan muloqotni WhatsApp orqali olib borishini aytgan.

28 noyabr tongidan Rossiya foydalanuvchilari yana WhatsApp ishidagi uzilishlar haqida xabar berdi. Bundan oldin, 2025 yil avgust oyida Roskomnadzor WhatsApp va Telegram’da qo‘ng‘iroqlar bloklanishi haqida e’lon qilgan edi.

Oktyabr oyi oxirida esa, Rossiya janubida messenjerlar ishida kuzatilgan uzilishlarni izohlar ekan, idora "jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida xorijiy messenjerlar ishini qisman cheklash choralari ko‘rilayotgani"ni ma’lum qilgan.

RKN ma’lumotlariga ko‘ra, Telegram va WhatsApp foydalanuvchilarni aldash, pul talab qilish, shuningdek, fuqarolarni diversion va terroristik faoliyatga jalb etish uchun ishlatiladi. Shu bilan birga, servislar egalari bunday qoidabuzarliklarga qarshi kurashish choralarini ko‘rish haqidagi talablarni "e’tiborsiz qoldirgan".

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid