Jahon | 18:10 / 29.11.2025
2493
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Baydenning avtopero bilan imzolangan farmonlarini bekor qilishini aytdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden «hujjatlarning aksariyatini shaxsan imzolamagan», bu esa Trampning fikriga ko‘ra, ularni yuridik jihatdan shubhali qiladi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zidan oldingi prezident Jo Baydenning avtopero (prezident nomidan avtomatik ravishda imzo qo‘yadigan qurilma) yordamida imzolangan farmonlarining 92 foizini bekor qilishini aytdi. Tramp bunday hujjatlarni «noqonuniy» deb atadi va ular «o‘z kuchini yo‘qotayotganini» ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden «hujjatlarning aksariyatini shaxsan imzolamagan», bu esa Trampning fikriga ko‘ra, ularni yuridik jihatdan shubhali qiladi. Shuningdek, u agar Bayden farmonlarni qo‘lda imzolaganini aytsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi bilan tahdid qildi.

Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, avtoperodan foydalanish AQSh ma’muriyati tomonidan o‘nlab yillar davomida qo‘llanilgan va rasman ruxsat berilgan amaliyotdir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ijro buyruqlarining yuridik kuchi imzo qo‘yish usuliga bog‘liq emas, ommaviy bekor qilinishi esa sud muhokamasiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bayden o‘z ma’muriyati davrida jami 162 ta farmon chiqargan. Avtopero bilan imzolangan hujjatlar ulushi rasman tasdiqlanmagan.

Agar Tramp haqiqatan ham o‘z niyatini amalga oshirishga kirishsa - bu Bayden davrida qabul qilingan ko‘plab farmon va buyruqlarni ommaviy ravishda qayta ko‘rib chiqish/bekor qilishni anglatishi mumkin.

Ammo huquqiy to‘siqlar bor: bekor qilish faqat ijro buyruqlariga taalluqli bo‘lishi mumkin, Kongress tomonidan qabul qilingan qonunlarga emas.

Donald Tramp Oq uyga ikkinchi marta kelganidan so‘ng, Jo Baydenning fotosurati o‘rniga avtopero rasmini osib qo‘ygan edi.

Mavzuga oid