Jahon | 15:05 / 29.11.2025
1909
5 daqiqa o‘qiladi

YeI: Ukrainadagi antikorrupsiya organlari kerakli darajada ishlayapti

Yevropa komissiyasi Ukrainadagi antikorrupsiya tergovlariga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Prezident ofisi rahbarida o‘tkazilgan tintuvlar antikorrupsiya organlari o‘z vazifasini kerakli tarzda bajarayotganini ko‘rsatadi, deb bildirdi Bryussel.

Foto: AP

"Biz Ukrainada tergovlar olib borilayotganini tushunamiz va bu tergovlarga katta hurmat bilan qaraymiz", — dedi Yevropa komissiyasi rasmiy vakili Paula Pinyu juma kuni, 28 noyabrda, Bryusselda o‘tkazilgan brifingda. U Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak uyida Ukraina Milliy antikorrupsiya byurosi (NABU) va Maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) xodimlari o‘tkazgan tintuvlarga izoh berar ekan shunday dedi. Bu harakatlar "Ukraina antikorrupsiya organlari o‘z ishini bajarayotganini ko‘rsatadi", deya ta’kidladi Pinyu.

Uning fikriga Yevropa Ittifoqini kengaytirish siyosati bo‘yicha Yevrokomissiya vakili Giyom Merse ham qo‘shildi: "Bu aynan antikorrupsiya organlari haqiqatan mavjud ekani va faoliyat yurita olishi mumkinligini ko‘rsatadi", — dedi u. Unga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurash mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun tamoman hal qiluvchi ahamiyatga ega shartdir. "Bu uzluksiz sa’y-harakatlarni va kuchli vakolatlarni talab qiladi. Bu – bir necha hafta oldin e’lon qilingan kengaytirish bo‘yicha hisobotimizda tilga olingan asosiy element", — dedi Yevrokomissiya vakili va Ukrainadagi antikorrupsiya tergovlari atrofidagi vaziyatni bundan keyin ham diqqat bilan kuzatishni va’da qildi.

Ukraina antikorrupsiya organlari xodimlari tintuv o‘tkazgan Andrey Yermakning o‘ziga nisbatan hozircha rasman gumon e’lon qilinmagan, deb yozadi ukrain OAV manbalarga tayanib. NABU va SAP Yermak uyidagi tintuvni Oliy antikorrupsiya sudi tergov sudyasi qarori asosida o‘tkazgan. Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘z uyida tintuv bo‘lganini tasdiqladi va antikorrupsiya organlari ishiga to‘liq ko‘maklashayotganini bildirdi. "Tergovchilar oldida hech qanday to‘siq yo‘q", — deb ta’kidladi u.

Germaniya hukumati Ukraina rahbariyatidan mamlakatda "mutlaqo izchil, qattiq korrupsiyaga qarshi kurashni" kutmoqda va bu Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lidagi yana bir muhim shart bo‘lib qolishini ta’kidlamoqda. "Bu sohada sezilarli ilgarilash bo‘lishi juda muhim", — dedi Germaniya hukumati rasmiy vakili o‘rinbosari Shteffen Mayyer DW savoliga javob berar ekan. "Bu mayda masala emas. Biz uchun bu favqulodda jiddiy ahamiyatga ega masala", — deya qo‘shimcha qildi u.

U, shuningdek, Germaniya kansleri Fridrix Mers rahbarligidagi hukumat Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, shuningdek, "mas’ul tuzilmalar, jumladan Yevropa Ittifoqi darajasidagi tashkilotlar" bilan korrupsiyaga qarshi kurash masalasini muntazam muhokama qilayotganini eslatib o‘tdi.

Shu bilan birga, Shteffen Mayyer Germaniyaning Ukrainaga Rossiyaning davom etayotgan urushiga qarshi kurashidagi qo‘llab-quvvatlashi kuchida qolishini va korrupsiya mojarosi bunga soya solmasligini ta’kidladi. "Ukraina bizning yordamimizga ishonch bildirishi mumkin", — dedi u. "Ukraina har kuni Rossiya agressiyasiga qarshi turibdi: biz har kuni bombalar hali ham yog‘ilayotganini, jumladan fuqarolik obektlari ham urilayotganini ko‘rib turibmiz. Bu bizni bir necha yildan beri eng jiddiy ma’noda band qilib kelmoqda va barcha siyosiy sa’y-harakatlarimizni aynan shu urushga barham berishga, Ukraina mustaqil davlat sifatida kelajakka ega bo‘lishiga qaratyapmiz. Aynan shu narsaga butun diqqat-eʼtiborimiz jam bo‘lgan", — deya qo‘shimcha qildi Mayyer.

NABU va SAP 10 noyabr kuni "Energoatom" kompaniyasi atrofida keng ko‘lamli korrupsiya sxemasini fosh etgani haqida ma’lum qildi. Mojaro markazida bir qator ukrain vazirlari, shuningdek, prezident Volodimir Zelenskiyning ko‘p yillik hamkori Timur Mindich va moliyachi Aleksandr Tsukerman qoldi. Shu kuni huquqni muhofaza qilish organlari Mindich uyida, "Energoatom" kompaniyasida, shuningdek Ukraina adliya vaziri German Galushchenko xonadonlarida tintuv o‘tkazdi. Mindichning o‘zi avvalroq Ukraina hududini tark etgani xabar qilingan.

Zelenskiy 12 noyabr kuni ikki kun avval vazifasidan chetlatilgan adliya vaziri German Galushchenkoni va energetika vaziri Svetlana Grinchukni vazifasidan ozod etishni talab qildi. Oliy Rada 19 noyabr kuni har ikkala vazirni iste’foga chiqarish uchun ovoz berdi. Mindich va Tsukermanga nisbatan Zelenskiy farmoni bilan sanksiyalar joriy etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid