O‘zbekiston | 00:21 / 30.11.2025
2736
3 daqiqa o‘qiladi

Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar uchun rag‘batlar e’lon qilindi

Har yili tuman (shahar)dagi eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar e’lon qilinadi va ular “Tashabbusli budjet”da tanaffussiz ishtirok etishi, loyihaning 25 foizini o‘zi moliyalashtirib, qolgan 75 foiz mablag‘ni davlatdan olishi mumkin bo‘ladi. Respublika bo‘yicha eng yuqori reyting to‘plagan 100 ta mahallaga esa har yili 2 mlrd so‘mdan ajratiladi va bu mablag‘ faqat mahalla infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanadi.

Foto: Kun.uz

2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi. Bu – 28 noyabrda qabul qilingan prezident qarorida belgilangan.

“Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi g‘oliblarini aniqlash bo‘yicha mezonlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’yektlari soni;
  • har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes sub’yektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
  • har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;
  • har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
  • mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.

G‘oliblar uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari joriy etiladi:

  • “Tashabbusli budjet” doirasida ketma-ket ikki marta g‘olib deb topilgan mahallalar uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyatini cheklash qoidasi qo‘llanmaydi;
  • loyihalarni sheriklik asosida moliyalashtirishda ushbu mahallalar aholisi tomonidan loyiha qiymatining 25 foizi moliyalashtirilgan taqdirda, loyiha g‘olib deb topiladi hamda qolgan 75 foizi davlat budjetidan moliyalashtiriladi;
  • belgilangan mezonlar asosida har yili birinchi 100 talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarning har biriga davlat budjetidan 2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

2 mlrd so‘mlik mablag‘ 100 talikka mahallalarning har biridagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalariga tushiriladi. Bu mablag‘lar fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida, faqat shu mahalla hududi infratuzilmasini (ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilash, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish va boshqa infratuzilma loyihalarini) yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.

Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarni aniqlash mezonlari va tartibi 2 oy muddatda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar ro‘yxati har yili 1 fevralgacha tuzilib, 10 fevralgacha e’lon qilinadi.

Qarorga asosan, shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad bo‘yicha to‘langan soliq to‘liq miqdorda mulk joylashgan tuman (shahar) mahalliy budjetiga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid