Jahon | 15:55 / 30.11.2025
14172
9 daqiqa o‘qiladi

Putinga «aql o‘rgatgan» Uitkoff, tozalash boshlagan Zelenskiy – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 30 noyabr, yakshanba. Ertadan qish, kuzdan eson-omon chiqib oldik. Noyabr odatdagidan iliq keldi, yog‘ingarchilik bo‘lmadi. Bu yaxshi emas, albatta, har fasl o‘z vaqtida kelgani yaxshi. Qish barakali, o‘ziga o‘xshagan bo‘lishiga umid qilamiz. Quruq bahor va kuzdan keyin qishimiz ham qorsiz kelsa, yanagi bahorda suvsizlik yanada jiddiy muammoga aylanadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zi shundog‘am bizda suv bilan bog‘liq holat yaxshi emas, yetmaganiga ikki qo‘shnimiz daryolarimizni xuddi otasidan qolganday to‘sib olgan. Shu uchun bor umidimiz yomg‘ir-u qordan, Yaratgan suv omborlarimizni suvga to‘ldirsin, mehnatkash xalqimizning dehqonchiligiga baraka bersin, daryolarimizni to‘sganlar doim bizga havas qilgan, bu havasmandliklari davomli bo‘lsin. Biz odatdagidek haftaning eng muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Dedlayn tugadi

Amerika prezidenti Tramp dedlayn belgilashni yaxshi ko‘radi. Odatda Tramp belgilagan dedlaynlarda u xohlagan ish bo‘lmaydi, bu gal ham shunaqa bo‘ldi. Tramp vitse-prezident Vensning sinfdoshi bo‘lgan armiya vaziri Den Driskollni chiroyli kostyum kiygizib Kiyevga yubordi. «Borib Zelenskiyga ayt, 27 noyabrgacha mana bu kelishuvni imzolasin, men Minnatdorlik kunida fuqaroga bir yil ichida to‘qqizinchi urushni tugatganimni e’lon qilay», dedi.

Leytenant Driskoll Kiyevga bordi, Zelenskiyga do‘q-po‘pisa qildi, hatto so‘kindi, lekin hech nimaga erisha olmadi. 27 noyabr o‘tdi, dedlayn tugadi, Kiyev Rossiyaning shartlari asosida tuzilgan mantiqsiz kelishuvni imzolamadi, «ko‘prik Navro‘zga bitmadi». Minnatdorlik kuni ham imi-jimida o‘tib ketdi, Nyu Yorkda uch-to‘rt hayvon shaklidagi sharni odamlar oldidan olib o‘tishdi xolos.

Amerika siyosati deganda butun dunyoda aytgani bo‘ladigan, jiddiy, salobatli diplomatiyani tushunishardi. Lekin 2025 yil 20 yanvardan boshlab aslo bunaqa emas. Konservator deyishga ham til bormaydigan bir guruh respublikachilar Amerika siyosatining oyog‘ini osmondan qilib yuborishdi. Bugungi Amerika siyosati xuddi biznes imperiyaga o‘xshaydi: Uitkoff uning firmalari G‘azoda «dom» qurib pul ishlashi uchun urushni tugatishda vositachi bo‘ladi, bir leytenant sinfdoshi prezidentga yaxshi ko‘rinishi uchun butun boshli mamlakat prezidentiga so‘kinadi. G‘alati odamlar, g‘alati siyosat.

Uitkoffni tinglashdi

Hafta mojarosi Amerika va Rossiya siyosatidagi katta mulozimlar Stiven Uitkoff va Yuriy Ushakovning o‘zaro telefon suhbati tinglangani bo‘ldi. Bu ishni kim qilgani aniq emas, lekin kim bo‘lsa ham suhbatni Bloomberg nashri orqali sizdirdi.

Nashr suhbatni matn ko‘rinishida so‘zma-so‘z keltirdi. Unda juda g‘alati gaplar aytilgan. Xususan, Uitkoff Putinning yordamchisi Ushakovga Rossiya prezidenti AQSh prezidenti bilan suhbatda nimalar deyishi kerakligini uqtirgan. Shuningdek, Zelenskiy Oq uyga kelayotganidan xabardor qilib, Putin Trampga bu uchrashuvgacha qo‘ng‘iroq qilishi kerakligini aytgan. Katta ehtimol mana shu suhbatdan keyin Putin chindan Trampga qo‘ng‘iroq qilgan va AQSh prezidenti Kiyevga Tomahawk raketalarini bermasligini e’lon qilgan. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda Tramp muzokaralarda siljish borligi haqida gapirgandi. Bu siljish Uitkoff va Ushakovning telefon suhbati bo‘lib chiqdi.

Zelenskiy tozalash boshladi

Juma kuni kechqurun Ukraina prezidenti Zelenskiy muhim bayonot bilan chiqdi. Prezident devoni rahbari Andriy Yermak o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi. Iste’fo Ukraina milliy aksilkorrupsiya byurosi NABU Yermakning uyida tintuv o‘tkazgani fonida sodir bo‘ldi. NABU Yermakning uyida urush davridagi eng yirik korrupsion mojaro – Mindich ishi doirasida tintuv o‘tkazgan. Tintuvdan ko‘p o‘tmay Yermak ishdan bo‘shatildi.

Zelenskiy ma’muriyati rahbari Mindich ishi ochilishi bilan ishdan ketishi kutilgandi. Esingizda bo‘lsa, AQSh prezidentining vakili Uitkoff Yevropada Yermak bilan uchrashishi kerak edi va bu uchrashuv noma’lum sababga ko‘ra bekor qilingandi. O‘shandayoq Yermakning «qalami singani» aniq edi. Zelenskiy Yermakni iste’foga chiqarib, o‘z atrofida jiddiy tozalash boshlanganiga ishora qildi.

Yermak 2020 yil 11 fevraldan Zelenskiy ma’muriyatini boshqarib kelayotgandi. Ungacha yarim yil Zelenskiy ma’muriyatini oligarx Kolomoyskiyning sobiq maslahatchisi Andriy Bogdan boshqargan. Yermakni «kulrang kardinal» deb ham atashardi. Chindan u o‘z vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan, xususan, Ukraina tashqi siyosati bilan shug‘ullanardi. Yermak Zelenskiyni boshqarishga urinardi, deydiganlar ham bor.

Honkongda yong‘in

Hafta davomida Honkongda dahshatli yong‘in sodir bo‘ldi. 32 qavatli yettita yonma-yon uy bir necha daqiqa ichida alanga ichida qolgan. Bu kompleksda kamida ikki ming kishi yashagan, hozirgacha 128 kishi o‘lgani aniq, yuzlab odamlar bilan hamon aloqa o‘rnatilmagan.

Yong‘in binoni aylantirib o‘rab chiqilgan to‘r va bambuk yonishidan boshlangan. Bambuk juda tez yonadigan material, shu sabab Xitoy kabi davlatlar undan binolarni o‘rash uchun foydalanishni taqiqlagan. Lekin Honkongdagi uyni quruvchilar negadir ham bambuk, ham tez yonuvchan to‘r bilan o‘rab chiqqan. Shamol sabab yong‘in tezda tarqalgan. Odamlar uylarda qamalib qolgan.

1980 yilda qurilgan bu kompleks subsidiya asosida beriladigan 40-45 kvadratli arzon uylardan iborat bo‘lgan. Kvartiralarda yong‘indan xabar beradigan uskunalar bo‘lmagan.

Albatta, bu yong‘inda quruvchilar, tashkilotchilarning aybi katta, shamol bo‘lgan, boshqa sabablar, lekin xuddi dunyoda yer qolmaganday hammani osmonga qarab ko‘tarilgan beton uylarda yashashga majbur qilishayotgani bu dahshatning eng asosiy sababi, menimcha.

Baland-baland uylarni zichlashtirib qurib tashlashadi, xo‘p, yerni tejarsiz, lekin yong‘inda tepa qavatdagilar qanday pastga tushadi? Tabiiyki, quruvchiga buning farqi yo‘q, u «dom»larni sotib, o‘zi katta hovlisida yashab yuribdi. Zavodlar mashinasini parkovka qilishi uchun gektar-gektar yer, lekin olamlar gultoji inson oilasi bilan yashashi uchun 40 kvadrat beton. Mana shunaqa dunyo, mana shunaqa reallik.

Putin urush tugamasligini aytdi

Rossiya prezidenti Putin Qirg‘izistonga safari tugashi arafasida odatdagidek jurnalistlar bilan brifingda qatnashdi. Urush haqida savolga javob berarkan Putin hozir jang maydonida kuzatilayotgan voqealar Rossiyani qanoatlantirishini ochiq aytdi. Shuningdek, urush faqat Ukraina chekinsa tugashi, bo‘lmasa davom etishini ma’lum qildi. Tramp esa Putinni o‘zi ham o‘qigani dargumon kelishuvni imzolashga ko‘ndirmoqchi bo‘lib yuribdi...

Ukrainani Putindan «yashirishdi»

Darvoqe, Putinning Qirg‘izistonga tashrifi davomida qiziq bir ish bo‘ldi. Putinni rasman kutib olish marosimi Qirg‘iziston prezidenti qarorgohida o‘tkazildi. Putin Bishkekka KXShT sammitida ishtirok etish uchun borgandi. Buni qarangki, qirg‘izlar Ukraina elchixonasi uchun Japarov qarorgohining yonidan joy berishgan ekan. Elchixonadagi Ukraina bayrog‘i Qirg‘iziston prezidenti qarorgohidan shundoq ko‘rinib turadi. Putin bu bayroqni ko‘rib qolmasin degan maqsadda umuman keraksiz joyga katta ekran o‘rnatishdi. Ekranda shunchaki Putinga xush kelibsiz, deb yozilgandi, u hech qanday funksiya bajarmagan. Siyosiy hushyorlikni qarang...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid