Jahon | 08:12 / 30.11.2025
9306
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Venesuela osmoni yopilganini e’lon qildi

Bu ushbu mamlakat havo kengligi aviakompaniyalar uchun xavfsiz emasligini anglatadi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela ustidagi havo kengligi butkul yopilganini e’lon qildi. Venesuela hukumati Trampning bayonotini «Venesuela xalqiga nisbatan navbatdagi g‘ayrioddiy, noqonuniy va asossiz tajovuz» deb atadi.

AQSh oktyabr oyidan buyon Karib dengizi havzasidagi harbiylari sonini oshirmoqda va buni giyohvandlik moddalar savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish zarurati bilan izohlamoqda. Venesuela prezidenti Nikolas Maduro bu da’volarni rad etadi va bo‘layotgan voqealarni o‘zini hokimiyatdan ag‘darishga urinish deb hisoblaydi.

«Barcha aviakompaniyalar, uchuvchilar, giyohvand moddalar savdogarlari va odam savdogarlariga murojaat qilaman, shuni yodda tutingki, VeNeSUELA VA UNING ATROFIDAGI HAVO MAKONI YoPILDI. E’tiboringiz uchun rahmat!», – deya yozdi shanba kuni AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

«Venesuela bugun ijtimoiy tarmoqlarda AQSh prezidenti tomonidan e’lon qilingan bayonotni qat’iyan rad etadi, unda u AQShning Venesueladagi noqonuniy yurisdiksiyasini eksterritorial tarzda qo‘llashga harakat qilmoqda», – deya munosabat bildirdi Venesuela TIV.

Sentyabr boshidan buyon AQSh Karib dengizi va Tinch okeaning sharqiy qismida giyohvand moddalar tashishda gumonlangan 20 dan ortiq kemalarga zarbalar yo‘llagan, natijada kamida 83 kishi halok bo‘lgan.

Avvalroq AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) xalqaro aviakompaniyalarni Venesuela yaqinida kuchayib borayotgan keskinlik tufayli yanada ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan: bunga harbiy faollik kuchayishi, mintaqadagi beqarorlik va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Natijada yirik aviatashuvchilar parvozlarni to‘xtatishga qaror qilgandi. Keyinchalik Karakas oltita aviakompaniya – Iberia, TAP, Gol, Latam, Avianca va Turkish Airlines’ga o‘z hududida qo‘nishni taqiqladi (48 soat ichida parvozlarni tiklashga ulgurmagani uchun).

AQSh Venesuela qirg‘oqlarida faol ravishda harbiy ishtirokini kuchaytirmoqda. Mintaqaga «Jyerald Ford» aviatashuvchisi, atom suvosti kemasi, dengiz piyodalari va boshqa jangovar kuchlar yuborilgan.

Bu 1989 yilda Panamaga bostirib kirganidan beri mintaqadagi Amerika qo‘shinlarining eng katta o‘sishidir. Noyabr oyi o‘rtalariga kelib, mintaqadagi amerikalik harbiylar soni 15 ming kishiga yetgandi.

Puerto-Riko hududida desant tushirish va strategik bombardimonchi samolyotlar zarbalarini imitatsiya qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Bularning barchasi giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash shiori ostida sodir bo‘lmoqda, ammo tahlilchilar asl maqsad prezident Maduroni ag‘darish deb hisoblamoqda.

Venesuelada avgust oyi oxiridan umummilliy safarbarlik e’lon qilingan.

Mavzuga oid