Jahon | 09:59 / 01.12.2025
3397
4 daqiqa o‘qiladi

Rubio va Umerov: Floridadagi Ukraina bo‘yicha muzokaralar “juda samarali” o‘tdi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Floridada Ukraina delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarni «juda samarali» deb baholadi, ammo tinchlikka erishish uchun yana qo‘shimcha ish talab etilishini ta’kidladi.

Foto: Chandan Khanna/AFP

Ukrainadagi urushni tugatish shartlari bo‘yicha Amerika va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakshanba, 30 noyabr kuni kechqurun Floridada yakunlandi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio ularni «juda samarali» deb atadi, biroq Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish uchun yana ko‘proq ish olib borish kerakligini qayd etdi. «Biz Jyenevadagi (muzokaralar – tahr.) natijalariga asoslangan, shu haftadagi voqealarni inobatga olgan holda yana bir juda samarali sessiya (muzokara – tahr.) o‘tkazdik, — dedi Davlat departamenti rahbari. — Biroq hali yana ko‘proq ish qilishimiz kerak». U, shuningdek, bahsli masalalarni hal etishda Rossiya «tenglamadan o‘rin olishi» lozimligini qo‘shimcha qildi. Rubio shuningdek, 1 dekabr kuni AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga jo‘nashini tasdiqladi.

Davlat kotibi jurnalistlarga aytishicha, Amerika va Ukraina delegatsiyalari uchrashuvida faqat urushni to‘xtatish shartlari emas, balki uzoq muddatli xavfsizlik masalalari ham muhokama qilingan.

«Biz Ukrainaga xavfsizlikni abadiy ta’minlashga yordam berishni istaymiz. Va yana bir muhim jihat shundaki, biz u yerda haqiqiy farovonlikning yangi davri boshlanishini istaymiz», — dedi u.

O‘z navbatida Ukraina delegatsiyasi rahbari, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (SNBO) kotibi Rustem Umerov muzokaralarni «samarali va muvaffaqiyatli» deb atadi.

«Bizning maqsadimiz — farovon, kuchli Ukraina, — dedi u jurnalistlar bilan suhbatda. — Biz Ukraina uchun muhim bo‘lgan barcha masalalarni muhokama qildik. Va AQSh juda kuchli qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatdi». Umerov Rubio kabi, Floridadagi uchrashuv asosida Ukraina va AQSh o‘rtasida Jyenevada o‘tgan muzokaralar turganini eslatib o‘tdi.

Umerov aytishicha, u AQSh bilan pozitsiyalar yaqinlashgani haqida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga hisobot bergan. «Tinchlikka erishish yo‘lida va pozitsiyalarimizni amerikalik sheriklarnikiga yaqinlashtirishda sezilarli siljishlar bor», — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida. SNBO kotibi Kiyevning xavfsizlik, suverenitet va ishonchli tinchlik kabi asosiy maqsadlari o‘zgarmasligini, ularni AQSh tomoni ham qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Floridada Amerika va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar «qattiq, ammo juda konstruktiv» bo‘lgan, deb xabar berdi CNN telekanali manbaga tayanib. Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Rossiya–Ukraina nizosini tartibga solish bo‘yicha «eng jiddiy masalalar»ni muhokama qilgan. The Wall Street Journal gazetasi yozishicha, muzokaralarning asosiy mavzulari orasida hududiy masalalar va Ukrainada saylovlar o‘tkazish ham bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid