Sport | 17:44 / 01.12.2025
3250
2 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan «Andijon» klubi bosh murabbiyi bo‘ldi

54 yoshli mutaxassis uchun bu O‘zbekiston chempionatidagi to‘rtinchi klub bo‘ladi.

Foto: Getty images

«Andijon» futbol klubi Samvel Babayan bosh murabbiy bo‘lganini videorolik orqali e’lon qildi. U bilan tuzilgan shartnoma bandlari oshkor etilmadi.

54 yoshli mutaxassis murabbiylik faoliyatini 2014 yilda «Paxtakor» klubida boshlagan. Keyinchalik «Spartak» (Latviya), «Lokomotiv» (Toshkent), «Chanchun Yatay» (Xitoy) va «Navbahor» (Namangan) klublarida ishladi.

2015-2017 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi, biroq, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritolmadi.

2018 yil yanvarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Babayanni Toshkentning «Paxtakor» klubida ishlagan vaqtida futbolchilarning shartnomalari bilan bog‘liq firibgarliklar tufayli futbol sohasidagi har qanday faoliyatdan umrbod chetlatdi.

Keyinchalik Babayan o‘zining aybsiz ekanini aytib, bu chetlatish 15 kundan keyin olib tashlanganini ma’lum qildi, bu haqda hech qayerda rasmiy ma’lumot berilmagan.

Samvel Babayanning so‘nggi ish joyi Toshkentning «Lokomotiv» klubi bo‘lib qolayotgandi: 2024-2025 yillarda maslahatchi murabbiy sifatida. Jamoa 2024 yilda Superligadan tushib ketdi, ammo 2025 yilda Pro-Liga g‘olibi sifatida yana elitaga qaytdi.

Samvel Babayan 2014 yilda «Paxtakor» bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. 2014 va 2015 yillarda O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Mavzuga oid