Jahon | 08:29 / 01.12.2025
3194
10 daqiqa o‘qiladi

SIPRI hisoboti: Ukrainadagi urush fonida qurol savdosi tarixiy maksimumga chiqdi

Dunyodagi eng yirik qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar daromadi o‘sishda davom etmoqda va 679 mlrd dollarlik rekord darajaga yetdi. Asosiy omillar - Ukrainadagi urush va butun dunyo bo‘ylab arsenallarni ko‘paytirishga bo‘lgan umumiy tendensiya, deyiladi SIPRI hisobotida.

Foto: Fabian Bimmer / Getty Images

2024 yil yakunlariga ko‘ra, dunyodagi eng yirik 100 ta mudofaa kompaniyasining qurol-yarog‘ va harbiy xizmatlar sotishdan olgan daromadi 5,9 foizga oshib, rekord darajadagi 679 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Stokholm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI)’ning dushanba, 1 dekabrda e’lon qilingan yangi hisobotida aytiladi.

Umuman olganda, 2015 yildan buyon SIPRI reytingidagi kompaniyalar harbiy daromadi 26 foizga o‘sgan. Tadqiqot mualliflari bu o‘sishni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Isroilning Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQShda terroristik tashkilot deb e’tirof etilgan HAMAS harakatiga qarshi urushi bilan izohlamoqda.

Global o‘sishga asosiy hissani Yevropa va AQSh kompaniyalari qo‘shgan bo‘lsa-da, tendensiya barcha mintaqalarda qayd etilgan. Sanksiyalarga qaramasdan, reytingdan o‘rin olgan Rossiya kompaniyalari daromadi esa umuman olib qaraganda ikki hissali o‘sish sur’atlarini ko‘rsatgan. «O‘tgan yili qurol savdosidan dunyo bo‘ylab tushgan daromad SIPRI statistikasi tarixi uchun eng yuqori darajaga yetdi: ishlab chiqaruvchilar yuqori talabdan foydalandi», — deya qayd etadi harbiy xarajatlar va qurol ishlab chiqarish dasturi ilmiy xodimi Lorenso Skaratssato.

Rossiya qurol ishlab chiqaruvchilari orasidan so‘nggi uch yilda ma’lumotlar yetishmasligi tufayli SIPRI reytingiga faqat ikki kompaniya kirdi: davlat korporatsiyasi «Rostex» yettinchi o‘rinni, Birlashgan kema-qurilish korporatsiyasi esa 41-o‘rinni egallagan. Bunda SIPRI tahlilchilari «Rostex» tarkibiga avval alohida hisoblangan yettita korxonani ham kiritmoqda: «Vysokotochnyye kompleksy», «Konsern Radioelektronnyye texnologii», «Rosel», «Vertolety Rossii», «Ob’yedinennaya aviastroitelnaya korporatsiya», «Ob’yedinennaya dvigatelestroitelnaya korporatsiya» va «Uralvagonzavod».

SIPRI yozishicha, 2024 yilda «Rostex» va Birlashgan kema-qurilish korporatsiyasi eksportdagi yo‘qotishlarni to‘liq ichki talab hisobiga qoplay olgan. Ularning jami harbiy daromadi 23 foizga oshib, 31,2 mlrd dollarga yetgan: «Rostex»niki 26 foizga o‘sib 27,1 mlrd dollarni, Birlashgan kema-qurilish korporatsiyasiniki esa 6,5 foizga o‘sib 4,1 mlrd dollarni tashkil etgan.

2022 yilda Ukrainaga hujum boshlanganidan beri Rossiyada qurol ishlab chiqarish yuqori darajada saqlanib qolmoqda, ayniqsa o‘q-dorilar, zirhli texnika, artilleriya tizimlari, raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari segmentlarida, deya ta’kidlaydi tahlilchilar. Masalan, 152 mm artilleriya snaryadlari ishlab chiqarish hajmi 2022 yildagi 250 ming donadan 2024 yilda 1,3 mln donagacha to‘rt barobardan ko‘proq oshgan. «Iskander» raketalarini ishlab chiqarish esa 2023 yildagi 250 dan 2024 yilda 700 donagacha ko‘paygan.

Shu o‘sishga qaramay, SIPRI tahlilchilari ta’kidlashicha, ayrim sektorlarda, masalan, aviasanoatda, sanksiyalar tufayli Rossiya hali ham yetkazib berishdagi yetishmovchilikka duch kelmoqda, chunki ishlab chiqarish hali ham xorijiy komponentlarga kuchli darajada bog‘liq. Hisobot mualliflari tilga olgan yana bir muammo — kadrlar tanqisligi, u keng ko‘lamdagi kadrlar jalb etish kampaniyalariga qaramay saqlanib qolmoqda. «Rossiya harbiy sanoati Rossiyaning harbiy maqsadlariga erishish uchun zarur, bashorat qilinayotgan ishlab chiqarish sur’atlarini saqlab turishga yetarli malakali ishchi kuchiga ega emas», — deyiladi hisobotda.

DW bilan suhbatda hisobot mualliflaridan biri Nan Tyan ta’kidlashicha, urush va sanksiyalar sabab Rossiya iqtisodi «chiday olmaydi» degan kutilmalar to‘liq oqlanmagan. «Rossiya hozir, albatta, hujum bo‘lmagandagi holatga nisbatan ancha yomon ahvolda, lekin ko‘pchilik o‘ylaganidan ham bardoshliroq bo‘lib chiqdi», — deya tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva o‘z ustuvor yo‘nalishlarini butunlay o‘zgartirgan va oxirgi uch yil ichida Rossiya iqtisodi harbiy iqtisodga aylangan. Militarizatsiya ko‘lami shunchalik kattaki, hatto uzoq muddatli tinchlik to‘g‘risidagi kelishuvga erishilgan taqdirda ham Kreml uchun iqtisodni yana tinch davr rejimga qaytarish nihoyatda qiyin bo‘ladi, deya taxmin qildi tahlilchi.

Top-100dagi yagona ukrain kompaniyasi — «Ukrainskaya oboronnaya promyshlennost» davlat korxonasi (52-o‘rin) bo‘lib, u qurol sotishdan tushgan daromadini 41 foizga oshirib, 3 mlrd dollarga yetkazgan.

Germaniya qurol ishlab chiqaruvchilari 2024 yilda daromad o‘sishi bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichlarni qayd etganlardan biri bo‘ldi — 36 foiz. Bu ko‘rsatkich Yaponiyadan (40 foiz) keyin ikkinchi o‘rinda. To‘rtta nemis kompaniyasi dunyo top-100 ro‘yxatiga kirdi, yetakchi esa Rheinmetall konserni bo‘ldi: harbiy sotuvlardan tushgan 8,2 mlrd yevro (yillik 47 foizlik o‘sish) bilan u umumiy ro‘yxatda 20-o‘rinni egalladi. Konsern dunyodagi eng tez o‘suvchi qurol ishlab chiqaruvchilardan biriga aylandi, nemis kompaniyalari o‘sish bo‘yicha faqat Chexiyaning Czechoslovak Group (193 foiz) va AQShning SpaceX (103 foiz) kompaniyalaridan ortda qoldi.

Shu bilan birga, Germaniya qurol ishlab chiqaruvchilari orasida o‘sish sur’atlari bo‘yicha mutlaq yetakchi Diehl Group konserni bo‘ldi: uning harbiy daromadi 53 foizga oshib, 2,1 mlrd dollarga yetdi (umumjahon ro‘yxatida 67-o‘rin). Ukrainadagi urush konsern texnikasiga bo‘lgan talabni o‘sishda davom ettirdi, jumladan, havo himoyasi tizimlari uchun butlovchi qismlar yetkazib berish hisobiga. Bundan tashqari, Diehl o‘z tarixida eng katta 155 mm artilleriya snaryadlari bo‘yicha buyurtma oldi.

Top-100dan yana ikki Germaniya kompaniyasi — Thyssenkrupp (harbiy daromad 12 foizga o‘sib 2,3 mlrd dollarga yetdi) va Hensoldt (18 foizga o‘sib 2,2 mlrd dollar) joy oldi. Nemis ishlab chiqaruvchilari daromadining o‘sishi «deyarli to‘liq Rossiyaning Ukrainaga hujumi bilan bog‘liq», deya tushuntirdi DW'ga hisobot mualliflaridan biri Nan Tyan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya o‘zining zaxiralarini oshirish va Ukrainaga yuborilgan texnika va o‘q-dorilarni to‘ldirish uchun Bundesver tomonidan tanklar, zirhli texnikalar va o‘q-dorilarga bo‘lgan talabni keskin oshirgan, shuningdek, uchinchi mamlakatlar tomonidan ham buyurtmalar ko‘paygan.

SIPRI reytingida qurol ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilikni hali ham AQSh kompaniyalari saqlab turibdi. Birinchi yuztalikka 39 ta Amerika ishlab chiqaruvchisi kiradi. Ularning harbiy buyurtmalarga bog‘liq daromadi 3,8 foizga o‘sib, 334 mlrd dollarga yetgan — bu reytingdagi barcha kompaniyalar jami daromadining deyarli yarmini tashkil qiladi. Eng yirik Amerika va dunyo kompaniyalari qatorida Lockheed Martin Corp, RTX va Northrop Grumman Corp bor.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, AQSh uchun asosiy muammolardan biri Pentagonning muhim dasturlarini sekinlashtirayotgani, budjet ortiqcha sarflari va katta kechikishlardir: yangi F-35 qiruvchisini, «Kolumbiya» tipidagi suvosti kemalarini va Sentinel qit’alararo ballistik raketasini ishlab chiqish kabi dasturlar shular jumlasidan. «Kechikishlar va xarajatlarning o‘sishi AQSh harbiy rejalashtirishi va harbiy xarajatlariga muqarrar ravishda ta’sir ko‘rsatadi», — deya taxmin qildi hisobot mualliflaridan biri Syao Lyan.

Reytingga kirgan 26 ta Yevropa kompaniyasi SIPRI hisoblagan jami dunyo harbiy daromadining 22 foizini tashkil etdi. Bir yil ichida bu ko‘rsatkich 13 foizga o‘sib, 151 mlrd dollarga yetdi va Yevropa ishlab chiqaruvchilariga AQShdan keyingi ikkinchi o‘rinni ta’minladi. Bu o‘sish katta darajada Buyuk Britaniyaning yettita ishlab chiqaruvchisi hisobiga bo‘ldi, ularning daromadi 6,6 foizga o‘sib 52,2 mlrd dollarga yetgan. Britaniyaning BAE Systems, shu bilan birga, dunyodagi to‘rtinchi eng yirik qurol ishlab chiqaruvchiga aylandi — 2017 yildan beri ilk bor reytingning birinchi beshtaligiga AQShdan tashqaridagi kompaniya ham kirdi.

Global o‘sish tendensiyasiga qaramasdan, Osiyo va Okeaniyada harbiy ishlab chiqarishdan olinadigan jami daromad 1,2 foizga kamayib, 130 mlrd dollarni tashkil etdi. SIPRI tushuntirishicha, bu pasayish deyarli to‘liq Xitoyning sakkizta kompaniyasida qurol savdosi daromadlari 10 foiz rekord darajada kamaygani hisobiga yuz bergan.

«Bu ziddiyatlar kamayganidan darak bermaydi. So‘nggi vaqtlarda Xitoyda mudofaa sanoatida bir qator yirik korrupsiya mojarolari kuzatildi, bu esa yirik buyurtmalarning bekor qilinishi va kechiktirilishiga olib keldi», — deya tushuntiradi SIPRI tahlilchisi Nan Tyan DW'ga.

Reytingdagi dunyodagi eng yirik qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar yuztaligiga ilk bor biryo‘la to‘qqizta Yaqin Sharq ishlab chiqaruvchisi kirdi. Mintaqada qurol savdosidan olinadigan daromad 14 foizga oshgan. O‘sishga Isroil ishlab chiqaruvchilari (16 foizga o‘sib 16,2 mlrd dollarga yetdi), Turkiya (11 foizga o‘sib 10,1 mlrd dollarga yetdi) va ro‘yxatga yangi kirgan BAAdan EDGE Group (4,7 mlrd dollar) hissa qo‘shgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid