Jahon | 13:15 / 01.12.2025
1759
4 daqiqa o‘qiladi

Vadeful: YeI Belgiyaga Rossiya aktivlari yuzasidan kafolat berishi lozim

Kiyevga yordam ko‘rsatish uchun RFning muzlatib qo‘yilgan aktivlaridan foydalanish maqsadida YeI mamlakatlari Belgiyaga kafolatlarni birgalikda berishi kerak, dedi Germaniya TIV rahbari. Vadefulning fikricha, Ukrainada urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda "hal qiluvchi hafta" boshlanmoqda.

Yoxann Vadeful Foto: AP

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadefulning fikricha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Yevropada muzlatib qo‘yilgan Rossiya davlat aktivlaridan Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun foydalanilgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xavf-xatarlarni o‘zaro bo‘lib olishi kerak. Bu haqda Germaniya TIV rahbari yakshanba, 30 noyabr kuni kechqurun ARD telekanali efirida chiqish qilar ekan ma’lum qildi.

Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, RF aktivlaridan foydalanish uchun "Belgiya manfaatlarini" himoya qilish juda muhim. Belgiyaga kafolatlar kerak, va bu kafolatlarni "Yevropa oilasi doirasida birgalikda berish" lozim, deb ta’kidladi Germaniya tashqi siyosiy idorasi rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu masala bo‘yicha muzokaralar shu haftada ham davom etadi, jumladan, 3 dekabr kuni Bryusselda NATOga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida ham.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi to‘xtatilishi istiqbollari haqida gapirar ekan, Vadeful muzokaralarda oldinda "hal qiluvchi hafta" turganini aytib o‘tdi. Vazir ehtiyotkor optimizm bilan "hozir urushni to‘xtatish uchun real imkoniyat mavjud", deb ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqida kuz boshidan beri 2026 va 2027 yillarda Ukrainaga taxminan 140 milliard yevro miqdorida reparatsiyaviy kreditlar ajratish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Bu kreditni ta’minlash sifatida Yevropada muzlatib qo‘yilgan Rossiya Markaziy banki zaxiralaridan foydalanish rejalashtirilgan. Bu g‘oyani Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va Germaniya kansleri Fridrix Mers faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Biroq hozircha Belgiya o‘z roziligini bermayapti. Aynan shu mamlakatda Yevropada muzlatib qo‘yilgan RF aktivlarining asosiy qismi saqlanayotgan Euroclear depozitariysi joylashgan. Belgiya bosh vaziri Bart De Vever YeIning boshqa mamlakatlari unga ehtimoliy moliyaviy xavf-xatarlarni bo‘lishishda sherik bo‘lishini talab qilmoqda.

"Biz shuni istaymizki, agar pullarni qaytarish zarurati tug‘ilsa, har bir ishtirokchi davlat o‘z hissasini qo‘shsin", — deb ta’kidlagan edi De Vever oktyabr oyidagi YeI sammitida. Belgiya bosh vaziri shuningdek, YeIning ayrim boshqa mamlakatlarida ham "Rossiya pullarining ulkan summalari" saqlanayotganini qayd etar ekan, ushbu davlatlar ham Ukrainaga yordam ko‘rsatish dasturida ishtirok etishi kerakligini bildirdi.

Fon der Lyayyenga noyabr oyi oxirida yo‘llagan xatda De Vever, shuningdek, "reparatsiyaviy kreditlar sxemasini shoshma-shosharlik bilan ilgari surish" Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarini izdan chiqarib yuborishi mumkinligini ham ta’kidladi.

Süddeutsche Zeitung gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Komissiyasi rahbari Belgiya shartlarini bajarishga tayyor, biroq buning uchun Yevroittifoqning barcha hamkorlaridan rasmiy tasdiq talab qilinadi. Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yakuniy qaror YeI sammitida 18–19 dekabr kunlari qabul qilinishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid