Jamiyat | 16:28 / 02.12.2025
3779
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda aholiga ajratilgan imtiyozli ko‘mirni sotgan mas’ullar ushlandi

Andijon viloyatida kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berish uchun ajratilgan yuzlab tonna ko‘mir noqonuniy tarzda sotilgani aniqlandi. “Ko‘mir ta’minot” MChJning Paxtaobod va Qo‘rg‘ontepa tumanlaridagi omborlari mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyatidagi bo‘limlari tomonidan DXX va ichki ishlar organlari xodimlari bilan hamkorlikda kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mir yuzasidan tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Departamentning Paxtaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Ko‘mir ta’minot” MChJning Paxtaobod ko‘mir ombori ekspeditor-kassiri Sh.T. (muqaddam sudlangan) ombordan aholi va ijtimoiy soha uchun ajratilgan ko‘mirni noqonuniy ravishda olib chiqqani aniqlangan.

Uning tumanda faoliyat yurituvchi tadbirkorga 35,1 tonna ko‘mirni 35,1 mln so‘mga sotishga kelishib, ushbu pullar hisobidan 2 800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani qayd etildi.

Shuningdek, mutaxassislar ishtirokida omborda o‘tkazilgan xatlov natijasida 196,1 tonna ko‘mir kamomadi aniqlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘limi DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda “Ko‘mir ta’minot” MChJning Qo‘rg‘ontepa ko‘mir ombori mas’ul shaxslari ham qonuniy tartibda aholiga sotilishi lozim bo‘lgan ko‘mirni noqonuniy ravishda realizatsiya qilayotgan vaqtda ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, ular kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berish uchun ajratilgan 153,6 tonna ko‘mirni ko‘mir savdosi bilan shug‘ullanib kelgan 7 nafar fuqaro va tadbirkorga har bir kilogrammini 1 200 so‘mdan hisoblab sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Omborda o‘tkazilgan xatlov natijasida bu yerda ham 183,9 tonna ko‘mir kamomadi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid