Jahon | 16:40 / 02.12.2025
10251
8 daqiqa o‘qiladi

«Hududlar masalasi – eng murakkabi». Zelenskiy uchta ustuvor yo‘nalish haqida gapirdi

Zelenskiy Makron bilan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralarda Ukraina uchun ustuvor bo‘lgan uchta masalani sanab o‘tdi. Bu vaqtda AQSh delegatsiyasi Moskvaga tashrif buyurdi, amerikaliklar Rossiya tomoniga tinchlik rejasining yakuniy versiyasini taqdim etishi kerak.

Foto: EPA

Volodimir Zelenskiy Ukraina, uning Yevropadagi ittifoqchilari va AQSh Vashington tomonidan Rossiya ishtirokida ishlab chiqilgan va Jyeneva hamda Floridadagi muzokaralardan keyin o‘zgartirilgan tinchlik rejasi bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti muzokaralarda Ukraina uchun ustuvor bo‘lgan uchta masalani sanab o‘tgan va bu masalalar bir vaqtning o‘zida eng murakkablaridir: hududlar masalasi, xavfsizlik kafolatlari hamda mudofaa va urushdan keyingi tiklanish uchun pul ajratilishi.

Dushanba kuni Zelenskiy Fransiyaga tashrif buyurib, prezident Emmanuel Makron bilan uchrashdi, yakshanba kuni esa Ukraina delegatsiyasi Floridada muzokaralar o‘tkazib, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Donald Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Amerika prezidentining kuyovi Jared Kushner bilan tinchlik rejasini muhokama qilgandi.

Makron bilan qo‘shma matbuot anjumanida Zelenskiy tinchlik rejasining yakuniy versiyasini kelishish davom etayotgani, hozirga kelib «reja yaxshiroq ko‘rinishga kelgani»ni ta’kidladi.

U tomonlarning yakshanba kungi maslahatlashuvlari olti yarim soat davom etganini xabar qilgan.

«Ochig‘ini aytaman – hududiy masala eng murakkabi, – dedi Ukraina prezidenti. – Pul va tiklanish masalasini esa yevropalik hamkorlarsiz qabul qilish oson emas, chunki pulning o‘zi Yevropada. Menimcha, bu unchalik adolatli emas. Va xavfsizlik kafolatlari masalasida AQSh tomonidan ham, Yevropa tomonidan ham aniqlik bo‘lishi juda muhimdir».

«Men bularni uchta asosiy mavzu, asosiy yo‘llar va bir vaqtning o‘zida trigger ham deb atagan bo‘lardim», – deydi Zelenskiy.

Gap aynan qanday talablar haqida ketmoqda?

OAV ma’lumotiga ko‘ra, rejaning 28 banddan iborat dastlabki versiyasida Rossiyaning Ukraina hududlarini anneksiya qilganini tan olish va Ukraina qurolli kuchlarini Donetsk oblastining Rossiya egallab ololmagan qismlaridan ham olib chiqib ketish haqida gap borgan. Kiyevdagilar bir necha bor bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytishdi, Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari ham bunday qadamlarga qarshi chiqishdi.

Tinchlik rejasining birinchi versiyasi Rossiyadan sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlashni va mojaro ishtirokchilarini harbiy jinoyatlar uchun amnistiya qo‘llashni ham nazarda tutgan.

Dushanba kuni Zelenskiy Parijda Fransiya prezidenti Makron bilan tinchlik rejasini muhokama qildi.
Foto: Christophe Ena/Pool via REUTERS

«Biz Rossiya bu urush uchun mukofot sifatida qabul qiladigan narsani his qilmasligini kafolatlashimiz kerak», – dedi dushanba kuni Ukraina prezidenti.

«Biz sanksiyalar, urush jinoyatlari uchun javobgarlik, hozirda Rossiya bosqinchi qo‘shinlari egallab turgan hududlarimizning huquqiy maqomi bo‘yicha prinsipial pozitsiyalarga egamiz. Rossiya aktivlariga nisbatan ham, rekonstruksiya majburiyatiga nisbatan ham. Tajovuzkor tajovuz uchun pul to‘lashi kerak», – dedi Zelenskiy.

OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Jyenevada Ukraina, AQSh va Yevropa delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralardan so‘ng, tinchlik rejasi o‘zgartirilgan, ammo uning keyingi versiyalari mazmuni jamoatchilikka e’lon qilinmadi. G‘arbning ko‘plab nashrlari hududlar masalasi ushbu hujjatdan «qavsdan tashqariga chiqarilgani» hamda Tramp va Zelenskiy o‘zaro uchrashuvda ko‘rib chiqishi uchun ochiq qoldirilgani haqida yozgan.

Xavfsizlik kafolatlari va Rossiya aktivlari

Ukraina xavfsizlik kafolatlari masalasini ham o‘ta muhim deb hisoblaydi. «28 bandlik reja»da xavfsizlik kafolatlari aniq ko‘rsatilmagandi, ammo ayrim jurnalistlar AQSh va Kiyevning yevropalik ittifoqchilari NATO nizomining beshinchi moddasiga o‘xshash mexanizm ko‘rib chiqilayotganini bildirgan (unda alyansning bir a’zosiga qilingan hujum alyansning barcha a’zolariga hujum sifatida ko‘riladi hamda butun alyans tomonidan javob qaytarilishini nazarda tutadi).

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Floridadagi muzokaralar olti yarim soat davom etgan 

Shu bilan birga, OAVda e’lon qilingan birinchi versiyada Ukraina NATOga a’zo bo‘lib kirish niyatidan voz kechishi haqidagi band ham bor edi (bu Ukraina konstitutsiyasi bilan mustahkamlab qo‘yilishi kerakligi yozilgan).

Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarni Yevropaning «ko‘ngillilar koalitsiyasi» a’zolari (harbiy harakatlar to‘xtatilgan taqdirda o‘z harbiylarini Ukrainaga yuborish istagini bildirgan mamlakatlar guruhi) tayyorlayotganini ma’lum qildi.

«Ukrainaning ustuvor yo‘nalishlari aniq. Birinchi navbatda – himoya va xavfsizlik kafolatlari. Ukraina mustaqilligini, suverenitetimizni saqlab qolish kafolatlari. Biz buni himoya qilamiz. Biz Rossiyaning uchinchi bosqini sodir bo‘lmasligi kafolatlanishini ta’minlash ustida ishlayapmiz», – dedi Ukraina prezidenti.

Ukraina mudofaa qobiliyati va urushdan keyin mamlakatni tiklash jarayonini moliyalashtirish manbasi bo‘yicha masalani hal qilish uchun G‘arb davlatlari Rossiyaning Yevropa Ittifoqi hududida muzlatilgan aktivlaridan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

«28 bandlik reja»da kelajakdagi bunday bitimlardan AQSh ham foyda ko‘rishi nazarda tutilgandi.

Shu bilan birga, Rossiya aktivlaridan foydalanish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, bunga aktivlarni saqlaydigan Eeuroclear depozitariysi joylashgan Belgiya pozitsiyasi sabab bo‘lmoqda. Belgiya hukumati aktivlardan foydalanish bilan bog‘liq barcha xatarlarni, jumladan, Rossiya tomonidan ehtimoliy da’volar bo‘lgan taqdirda ham o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lishidan xavotirda.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Zelenskiy Uitkoff, Makron, Floridadagi muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Rustem Umerov hamda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan tinchlik rejasi bo‘yicha qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazganini ma’lum qildi.

Seshanba kuni Uitkoff Moskvaga tashrif buyurdi, u ruslarga tinchlik rejasining navbatdagi kelishilgan versiyasini taqdim etishi kerak.

Bu vaqtda Ukraina prezidenti Irlandiyaga boradi, u yerga Ukrainaning Floridada muzokaralar olib borgan delegatsiyasining ba’zi a’zolari ham keladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ular «muzokaralar qaysi nuqtaga yetib kelganini bosqichma-bosqich aytib berishadi».

«AQSh ham Rossiya tomonining munosabatini oladi. Va o‘ylaymanki, biz hozir qayerda ekanimizni taxminan ko‘rib olamiz», – dedi Ukraina prezidenti.

Vladimir Putinning so‘nggi bayonotlariga ko‘ra, Rossiya urushni to‘xtatish shartlari bo‘yicha maksimalistik talablardan voz kechmoqchi emas. Noyabr oyi oxirida Bishkekda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Moskva Ukraina qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalarini tark etsagina harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyor bo‘lishini aytgandi.

Mavzuga oid