O‘zbekiston | 15:20 / 02.12.2025
3795
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Jizzaxda yangi tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangidan barpo etilgan Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tashrif buyurib, viloyatda tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining dastlabki bosqichi faoliyati bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mazkur majmua aholiga deyarli barcha asosiy tibbiy xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatish imkonini yaratadi. Zamonaviy tibbiyotda bunday klasterli yondashuv tezkor diagnostika, yuqori texnologiyali davolash va bemorlar uchun byurokratik jarayonlarni kamaytirishning eng samarali modeli sifatida e’tirof etilgan.

Markaz zamonaviy yetti qavatli binoda joylashgan bo‘lib, kuniga 400 nafargacha bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Statsionarda 344 ta o‘rin mavjud. Umumiy qiymati 100 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan MRT, MSKT, laboratoriya komplekslari, yuqori texnologiyali jarrohlik uskunalari o‘rnatilgan.

Poliklinika, radiologiya, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, oftalmologiya va urologiya kabi bo‘limlarning bir majmuada joylashgani tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonini tezlashtiradi, shifokorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi, bemorlar harakatini yengillashtiradi. Yangi imkoniyatlar tufayli yuqori texnologiyali operatsiyalar uchun navbatlarning qisqarishi loyihaning eng muhim ijtimoiy samarasi sifatida qayd etilmoqda.

Markaz ishga tushishi natijasida Jizzax aholisining respublika shifoxonalari yoki qo‘shni viloyatlarga borib davolanishi 75–80 foizga kamayishi kutilmoqda.

Tibbiyot klasteri doirasida Qozon federal universiteti bilan mahalliy mutaxassislar uchun malaka oshirish, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini joriy etish, zamonaviy tibbiy standartlarni o‘zlashtirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident sog‘liqni saqlash mas’ullari, shifokorlar, shuningdek Qozon tibbiyot universitetining Jizzax filiali o‘qituvchi va talabalari bilan muloqotda tibbiyot klasterlari boshqaruviga yangi mexanizmlar joriy etish, xorijiy ekspert va menejerlarni jalb etish, mutaxassislarni bevosita o‘zimizda o‘qitish, raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbari aholining tibbiy xizmatlardan roziligi eng muhim mezon ekanini ko‘rsatib, sohaga qaratilgan barcha islohotlarda inson qadri ustuvor bo‘lishi shartligini alohida qayd etdi.

Mavzuga oid