Jahon | 09:44 / 03.12.2025
3485
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy yaqinidagi otishmada ayblanayotgan afg‘onistonlik aybini tan olmadi

Oq uy yaqinida AQSh Milliy gvardiyasi harbiylariga o‘t ochganlikda gumonlanayotgan 29 yoshli afg‘onistonlik Rahmonullo L. sudda o‘zining aybsiz ekanini bildirdi. U ish bo‘yicha birinchi sud majlisida shifoxonadan video-aloqa orqali ishtirok etdi.

Foto: Andrew Leyden/Getty Images

AQSh Milliy gvardiyasi harbiylariga Oq uy yaqinida o‘t ochganlikda gumonlanayotgan Afg‘oniston fuqarosi seshanba kuni, 2 dekabrda sud oldida javob berdi. Qo‘lga olish chog‘ida yaralangan Rahmonullo L. sud majlisida shifoxonadan video-aloqa orqali ishtirok etdi, deb xabar bermoqda AP, Reuters va AFP agentliklari.

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan qisqa eshituv paytida afg‘onistonlikning advokati ayblanuvchi nomidan unga qo‘yilgan hujum va birinchi darajadagi qasddan odam o‘ldirish ayblovlari bo‘yicha aybni tan olmaslik to‘g‘risida bayonot bilan chiqdi. Himoyachi o‘z himoyasida, mijozining avval sudlanmagani (sudlanganlik ma’lumotlarining yo‘qligi)ni ta’kidlab, uni hibsdan ozod qilishni so‘radi.

26 noyabr kuni kunduzi Vashingtonda erkak kishi Oq uydan unchalik uzoq bo‘lmagan Farragut maydonida navbatchilik qilayotgan harbiylarga to‘satdan o‘q uzdi. Natijada AQSh Milliy gvardiyasining 20 yoshli harbiy xizmatchisi Sara Bekstram og‘ir yaralandi va keyinchalik shifoxonada vafot etdi. Yana bir milliy gvardiyachi, 24 yoshli Endryu Vulfning hayoti uchun shifokorlar kurashmoqda.

Gumonlanuvchi — Rahmonullo L. qo‘lga olish paytida yaralangan. Xabar qilinishicha, u AQShga 2021 yilda Afg‘onistondan kirib kelgan. Vatanida u Amerika maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan, shu bois “Tolibon” harakati Kobulda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin AQShga ko‘chib o‘tish huquqini qo‘lga kiritgan. CNN telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi 2024 yilda AQShda boshpana so‘rab ariza topshirgan va 2025 yil boshida uni olgan.

Oq uy rahbari Donald Tramp milliy gvardiyachilarga qilingan hujumni “dahshatli” deb atadi va o‘zidan oldingi prezident Jo Bayden davrida Afg‘onistondan AQShga kirib kelgan barcha xorijiy fuqarolar qayta tekshirilishini bildirdi. Shuningdek, u “bu yerda bo‘lishi kerak bo‘lmagan har qanday xorijiy shaxsni deportatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha choralar ko‘rilishini” aytdi. OAV qayd etishicha, Rahmonullo L.ning boshpana to‘g‘risidagi arizasi aynan Trampning ikkinchi inauguratsiyasidan so‘ng qanoatlantirilgan.

Oq uy yaqinidagi otishmaga javob chorasi sifatida AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) boshpana berish to‘g‘risidagi barcha arizalar ko‘rib chiqilishini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. USCIS rahbari Jozef Edlou 29 noyabr kuni ma’lum qilishicha, cheklovlar “har bir xorijiy shaxsni imkon qadar chuqur tekshirish imkoni ta’minlanguniga qadar” amal qiladi.

AQSh Davlat departamenti alohida tarzda Afg‘oniston fuqarolariga viza berishni ham to‘xtatib turishini e’lon qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid