Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda sun’iy intellekt uchun etik me’yor va qoidalar joriy etiladi
O‘zbekiston prezidentining sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga oid farmon va qarorlarini amalga oshirish doirasida «Sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish hamda qo‘llashdagi etika qoidalari va tamoyillari» tasdiqlanadi. Hujjat SIni ishlab chiquvchi, joriy etuvchi va foydalanuvchilar uchun yagona etik me’yorlarni belgilaydi.
«Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunlari hamda prezidentning «Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni, «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vaziri tomonidan «Sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish hamda qo‘llashdagi etika qoidalari va tamoyillari» loyihasi e’lon qilindi.
Qoidalar O‘zbekiston hududida SI tizimlarini ishlab chiquvchi, joriy etuvchi, tartibga soluvchi va ulardan foydalanuvchi barcha jismoniy va yuridik shaxslarga tatbiq etiladi.
Etika qoidalari quyidagi asosiy tamoyillarga tayanadi:
- qonuniylik;
- shaxs, jamiyat, davlat va atrof-muhit manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi;
- tushunarlilik va ochiqlik;
- SI tizimlarining doimo inson nazorati ostida bo‘lishi;
- mutanosiblik;
- mas’uliyat va javobgarlik;
- adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
- ma’lumotlar himoyasi, ishonchlilik va xavfsizlik;
- axborot savodxonligi va xabardorlik.
Hujjatga muvofiq, SI tizimlari inson huquq va erkinliklarini, shaxsiy hayot daxlsizligini hurmat qilish, jamiyatda adolat va ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi shart. Insonlarni jinsi, millati, dini, tili, ijtimoiy kelib chiqishi yoki boshqa belgilarga ko‘ra kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi SI sohasida huquqiy asoslarni ishlab chiqish, standartlar belgilash, etik muammolarni hal etishda ko‘maklashish, SI ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning SI bo‘yicha savodxonligini oshirish vazifalarini bajaradi.
SIni ishlab chiquvchi va joriy etuvchilar:
- algoritmlarning shaffofligi va tushunarliligini ta’minlashi;
- shaxsga doir ma’lumotlar himoyasini kafolatlashi;
- xatarlar va tarafkashlikni oldindan baholashi;
- SIni qonunga zid yoki inson, jamiyat, davlat va tabiatga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan maqsadlarda qo‘llamasligi shart.
SIdan foydalanuvchilar esa qonunchilikka rioya qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni asrash, boshqalarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazmaslik, SIdan mas’uliyat bilan foydalanish majburiyatiga ega.
Qoidalarga ko‘ra, sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqish, joriy qilish va qo‘llash natijasida inson huquqlari, davlat xavfsizligi yoki atrof-muhitga zarar yetkazilishi amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:30 / 10.06.2026
Yangi Siri: Apple sun’iy intellekt poygasiga jiddiy qo‘shildi
10:00 / 09.06.2026
Eng yaxshi AI startaplar Prezident sovrini uchun kurashadi
18:32 / 08.06.2026
Sun’iy intellekt yaratgan vaksina odamlarda muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi
09:05 / 06.06.2026