Sport | 12:09 / 04.12.2025
6757
11 daqiqa o‘qiladi

«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari

«Chelsi» autsayderga yutqazib qo‘ydi, «Arsenal»da ishonchli g‘alaba. Chorshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Arsenal» peshqadamlikda davom etmoqda

«Arsenal» – «Brentford» 2:0
Gollar:
Merino, 11 (1:0). Saka, 90+1 (2:0)
«Arsenal»: Rayya, Moskera (Timber, 44), Inkapiye, Kalafiori, Uayt, Subimendi, Rays (Yokeresh, 83), Edegor, Martinelli (Eze, 61), Madueke (Saka, 61), Merino
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Pinnok (Kollinz, 74), Ayyer, Yyensen (Henderson, 61), Yarmolyuk, Yanelt (Damsgor, 61), Henri (Lyuis-Potter, 74), Kayode, Shade (Tiago, 60), Uattara
Ogohlantirish: Yarmolyuk, 65

«Arsenal» kutilgan g‘alabaga erishdi, ammo yana bir markaziy himoyachisidan ayrildi. Birinchi bo‘limni oxirigacha yetkaza olmagan Moskera ham Gabriel Magalyans va Saliba ortidan lazaretga yo‘l oldi. Natijada Mikel Arteta markazda ham o‘ynay oluvchi qanot himoyachisi Timberni uning o‘rniga tushirishga majbur bo‘ldi – bu mavsumda rotatsiyasiz o‘ynab kelgan niderlandiyalik himoyachiga shu kuni dam berilgandi, ammo u to‘liq dam ololmadi.

O‘yin to‘liq mezbonlar ustunligida kechdi va shu kuni Timber o‘rnida ilk daqiqalardan maydonda harakatlangan Uayt 11-daqiqada qanotdan darvozabon hududiga uzatma berdi, Merino esa barchadan ildamroq harakat qilib hisobni ochdi. Tarkibdagi jarohatlar tufayli markaziy hujumchi pozitsiyasida o‘ynayotgan ispaniyalik yarimhimoyachi ishonchni oqlashda davom etmoqda – u 2025 yil boshidan buyon hisoblaganda «Arsenal»ning eng ko‘p gol urgan futbolchisi bo‘lib turibdi (9). O‘tgan mavsum boshidan hisoblanganda, bu uning bosh bilan urgan sakkizinchi goli bo‘ldi va bu borada unga teng keladigan boshqa futbolchi yo‘q. Xuddi APLda «Arsenal»ga teng keladigan raqib topilmayotgani kabi. Mezbonlar hisobni ochib olganidan so‘ng pragmatik o‘yin uslubiga o‘tishdi va raqibga vaziyat yaratishga ham imkon berishmadi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Saka esa o‘yin oxirida hisobdagi farqni oshirdi. «Kanonirlar» ikkinchi o‘rindagi «Siti» bilan farqni yana 5 ochkoga yetkazib oldi.

«Brayton» – «Aston Villa» 3:4
Gollar:
van Hekke, 9 (1:0). Pau Torres, 29 – avtogol (2:0). Uotkins, 37 (2:1). Uotkins, 45+7 (2:2). Onana, 60 (2:3). Malen, 78 (2:4). van Hekke, 83 (3:4)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li (Uelbek, 67), Viffer, Baleba (Veltman, 78), Gomes, Gruda (Kostulas, 77), De Keyper, Minte, Tsimas (Hinshelvud, 24)
«Aston Villa»: Bizot, Konsa, Pau Torres, Matsen (Din, 70), Kesh, Onana, Kamara (Tilemans, 70), Makginn (Malen, 77), Rodjyers, Gessan (Bogard, 86), Uotkins (Buendiya, 86)
Ogohlantirishlar: Verbryuggen, 45. Gomes, 85 – Makginn, 75. Bizot, 90

Keyingi turda o‘z uyida «Arsenal»ni qabul qiladigan «Aston Villa» esa bu oqshom qiyin safar o‘yinini o‘tkazdi. «Brayton» birinchi bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganda ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olgandi, ammo shu kuni Olli Uotkins o‘tgan mavsumdagi o‘yinlarini eslab qoldi va bo‘lim oxirigacha ikkita gol urib muvozanatni tikladi. Holbuki o‘tgan mavsumda 21 ta gol urgan hujumchining o‘yinida pasayish yuz berib, APLning joriy mavsumida 13 turda atigi bitta gol urgandi.

Ikkinchi bo‘limda jamoalar yana uchta gol urishdi, shundan ikkitasi Unai Emeri shogirdlari hisobiga yozildi. O‘yin oxirida Uelbek mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolishi mumkin edi, ammo uning zarbasidan keyin darvozabon Bizot qutqardi. Emiliano Martines chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida jarohat olgani tufayli o‘yinga tushgan zaxira darvozabon Unai Emeriga «Villa» bosh murabbiyi sifatida qo‘lga kiritilgan g‘alabalar bo‘yicha rekord o‘rnatishga (62), jamoaga esa kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qolishga yordam berdi.

«Liverpul» – «Sanderlend» 1:1
Gollar:
Talbi, 67 (0:1). Mukiyele, 81 – avtogol (1:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Roberson (Kerkez, 86), Gomes (Jons, 65), Makallister (Ekitike, 74), Gravenberh, Virs, Gakpo (Saloh, 46), Soboslai, Isak (Kiyeza, 86)
«Sanderlend»: Rufs, Ballard, Alderete, Mukiyele, Mandava, Hyum, Sodiqiy, Jaka, Le Fe (Gertreyda, 79), Talbi (O`Nayyen, 90+1), Brobbi (Izidor, 62)
Ogohlantirishlar: Gomes, 55 – Le Fe, 54

Saloh qatorasiga ikkinchi turda zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Ammo shanba kuni «Vest Hem» maydonida kechgan o‘yinda u baribir maydonga tushmagan bo‘lsa, «Enfild»da Arne Slot misrlik hujumchini tanaffusdan keyin jangga tashlashiga to‘g‘ri keldi – mersisaydliklar qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda dastlabki 45 daqiqada gol urolmaganidan keyin. O‘yinning ikkinchi bo‘limida mezbonlar mudofaasida parokandalik yuzaga keldi va 67-daqiqada van Deykning xatosidan foydalangan Talbi olis burchakni aniq nishonga oldi.

Faqat o‘yin oxirlarida Virsning sa’y-harakatlari bilan hisob tenglashtirildi. Jamoaning yozdagi eng qimmatbaho transferlaridan bo‘lgan germaniyalik futbolchi raqib jarima maydonida ikki himoyachidan o‘tdi, uning zarbasi kutilganidek chiqmadi, ammo to‘p mehmonlar himoyachisi Mukiyele orqali darvoza to‘riga borib tushdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa mersisaydliklar durangdan ham quruq qolishi mumkin edi. Bu vaqtda jamoa to‘liq kuch bilan hujumga o‘tgandi va mehmonlarning xavfli qarshi hujumi o‘tkazib yuborildi, ammo «Sanderlend» hujumchisi Izidorning darvozabondan o‘tgan zarbasini himoyaga yordamga yetib kelgan Kiyeza darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi. Shu bilan birga, «Liverpul» 2004 yildan buyon ilk bor qatorasiga uch uy o‘yinida g‘alaba qozona olmadi va turnir jadvalida hozircha sakkizinchi o‘rinda qoldi.

«Lids» – «Chelsi» 3:1
Gollar:
Biyol, 6 (1:0). Tanaka, 43 (2:0). Pedru Netu, 50 (2:1). Kalvert-Lyuin, 72 (3:1)
«Lids»: Perri, Biyol, Streyk, Rodon, Ampadu, Shtah, Tanaka (Gruyev, 67), Gudmundsson (Bornau, 90+4), Bogl (Jastin, 87), Kalvert-Lyuin (Piru, 86), Nmecha (Okafor, 67)
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Badiashile (Gyusto, 46), Kukurelya, Chaloba, Fernandes, Santos (Giu, 77), Joao Pedro, Gittens (Palmer, 61), Estevan (Pedru Netu, 46), Delap (Garnacho, 61)
Ogohlantirishlar: Shtah, 35 – Estevao, 39

O‘tgan haftada YeChLda «Barsa»ni yirik hisobda mag‘lub etgan, APLda «Arsenal»ga qarshi bir kishi kam bo‘lib o‘ynab, durangga erishgan «Chelsi» bor kuch va hissiyotlarini shu o‘yinlarga sarflab yuborgani ma’lum bo‘ldi. Lidsdagi o‘yin mehmonlar uchun tezkor gol o‘tkazish bilan boshlandi, burchak zarbasidan keyin Biyol hisobni ochdi. Bo‘lim oxirida esa Mareskaning rotatsiyasi pand berdi va himoyachilarning xatosi tufayli ikkinchi gol o‘tkazildi. Ikkinchi bo‘lim boshida Netu hisobni qisqartirishga erishdi, ammo mezbonlar yana bir bor mehmonlar himoyasidagi xatodan foydalanib, o‘yin taqdirini hal qilishdi: 72-daqiqada Tosin Adarabioyo Okaforning bosimi ostida to‘p yo‘qotdi va Kalvert-Lyuin bo‘sh darvozani ishg‘ol etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mag‘lubiyat tufayli londonliklar ikkinchi o‘ringa qaytish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi va endi to‘rtinchi o‘ringa tushgan jamoa peshqadam «Arsenal»dan 9 ochkoga ortda qolmoqda.

Ispaniya: «Barselona» bilan poyga 

«Atletik» – «Real» 0:3
Gollar:
Mbappe, 7 (0:1). Kamavinga, 42 (0:2). Mbappe, 59 (0:3)
«Atletik»: Simon, Vivian, Lyaport, Boyro, Lekue (Areso, 46), Ruis de Galarreta (Gomes, 46), Rego, Xauregisar (Vesga, 69), Uilyams (Sanches, 78), Berenger (Serrano, 69), Guruseta
«Real»: Kurtua, Eder Militau (Dias, 78), Ryudiger, Karreras, Aleksandr-Arnold (Raul Asensio, 55), Tshuameni, Bellinghem, Kamavinga (Arda Guler, 69), Vinisius Junior (Rodrigu, 78), Valverde, Mbappe (Garsiya, 78)
Ogohlantirishlar: Berenger, 66. Rego, 76

Ispaniya Superkubogi o‘yinlari ishtirokchilarining La Liganing 19-turi doirasidagi o‘yinlari dekabrga ko‘chirilgandi. Bir kun oldin «Barselona» «Atletiko»ni mag‘lub etdi (3:1), endi esa «Real» qatorasiga uch durangdan keyin o‘z maydonida har qanday raqibga muammo tug‘diradigan «Atletik» qarshiligini yengishi talab etildi.

Lekin bu o‘yin Mbappe omili tufayli mehmonlar uchun ancha oson kechdi. Fransuz hujumchisi o‘yin startidayoq himoyachidan yengil harakat bilan o‘tib ketdi va to‘pni olis burchakka aniq yo‘lladi. Birinchi bo‘lim oxirida esa uzoq cho‘zilgan kombinatsiya Aleksander-Arnoldning olis ustun tomon uzatmasi va u yerda yolg‘iz turgan Kamavinga darvozani ishg‘ol etishi bilan yakunlandi. «Atletik» esa o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmadi, shu bilan birga, Unai Simon Vinisius Juniorga hisobni yiriklashtirishga yo‘l qo‘ymadi.

Lekin ikkinchi bo‘limda baribir hisob yiriklashdi, Mbappe jarima maydoni tashqarisidan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Bu uning joriy yil boshidan buyon urgan 62-goliga aylandi. Bu esa XXI asrdagi eng yaxshi beshinchi ko‘rsatkich. Unda Messidan keyingi ikkinchi o‘ringa chiqib olish uchun imkoniyat bor (2012 yilda 91 gol urgan). Buning uchun dekabr oxirigacha qolgan o‘yinlarda yana yetti gol urish kerak bo‘ladi: shunda u Krishtianu (2013) va Levandovski (2021) bilan tenglashib olishi mumkin.

Bundan tashqari, Kilian bu mavsumda barcha turnirlar doirasida 25 gol va to‘rt golli uzatma bilan eng sermahsul futbolchi bo‘lib turibdi. Ammo asosiysi – duranglar seriyasidan keyin g‘alabaga erishildi va «Barselona» oldinga chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Mavzuga oid