Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chexiya prezidenti Andrey Babishni bosh vazir etib tayinlaydi
Chexiya prezidenti Petr Pavel milliarder va o‘ng ANO partiyasi yetakchisi Andrey Babishni bosh vazir etib 9 dekabr kuni tayinlashini bildirdi. Unga ko‘ra, Babish manfaatlar to‘qnashuvi muammosini hal qilgan - o‘zining Agrofert konsernidan voz kechgan.
Foto: Michaela Rihova/CTK/picture alliance
Chexiya prezidenti Petr Pavel, Andrey Babish o‘ziga tegishli bo‘lgan mamlakatdagi eng yirik ko‘p tarmoqli konsern — Agrofert’dan voz kechib, manfaatlar to‘qnashuvi masalasini hal qilgandan so‘ng, uni bosh vazir lavozimiga tayinlashini bildirdi. Davlat rahbari bu haqda payshanba, 4 dekabr kuni, o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
«Andrey Babishning aniq va tushunarli yondashuvini yuqori baholayman. U bizning kelishuvimizni bajardi va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish yo‘lini omma oldida e’lon qildi. Shu munosabat bilan men uni seshanba, 9 dekabr kuni soat 9:00 da bosh vazir etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildim», — deb yozdi Pavel.
Bu xabardan taxminan bir soatcha oldin Babish o‘zining X sahifasida prezidentning bosh vazir etib tayinlash shartini bajarishini, ya’ni Agrofert’dan «qaytarilmas tarzda voz kechishini» e’lon qilgan video joylashtirdi. Milliarder qo‘shimcha qilishicha, u hatto siyosatdan ketganidan keyin ham korxona boshqaruvini qayta qo‘lga olmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 250 dan ortiq kompaniyani o‘z ichiga oluvchi konsernni mustaqil shaxslar boshqaradi, u vafot etganidan keyin esa kompaniyani uning farzandlari meros qilib oladi.
Oktyabr oyi boshlarida o‘tkazilgan ikki kunlik saylovlar natijalariga ko‘ra, mamlakat parlamentining quyi va eng nufuzli palatasi — deputatlar palatasining yangi tarkibi to‘rt yilga shakllantirildi va eng ko‘p ovozni (34,51 foiz) Babish boshchiligidagi o‘ng «Norozi fuqarolar aksiyasi» (ANO) partiyasi to‘pladi. Ilgari milliarder Chexiya moliya vaziri (2014–2017) va bosh vaziri (2017–2021) sifatida ishlagan, so‘nggi yillarda esa muxolifatda qolayotgan edi.
Noyabr oyida ANO yana ikki o‘ng partiya bilan koalitsiya kelishuvini imzoladi — ulardan biri «Avtomobilchilar» bo‘lib, uning eng taniqli a’zolaridan biriga rasizm hamda boshqa ayblovlar qo‘yilgan. Ikkinchisi esa NATO va YeIni tanqid qiladigan, parlamentning yangi spikeri Tomio Okamura rahbarlik qilayotgan «Erkinlik va to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya» partiyasidir. Ushbu uch siyosiy kuch vakillari deputatlar palatasidagi 200 o‘rindan 108 tasini egallaydi.
Mavzuga oid
21:08 / 20.11.2025
Chexiyada qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi
16:36 / 08.11.2025
Chexiyada yangi spiker parlament binosidan Ukraina bayrog‘ini olib tashladi
08:46 / 04.11.2025
Chexiyada o‘ng populistlar koalitsiya tuzilganini e’lon qildi
21:24 / 31.10.2025