Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
Yevropa teleradiodasturlar ittifoqi (YeVS)ning Isroilga Venada o‘tadigan «Yevrovideniye»da ishtirok etishga ruxsat beruvchi qarori Niderlandiya, Irlandiya, Ispaniya va Sloveniya telekompaniyalarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular tanlovni boykot qilishini e’lon qildi.
Isroil keyingi «Yevrovideniye»da ishtirok etadi, u 2026 yil may oyida Vena shahrida o‘tkazilishi kerak. Jyenevada payshanba kuni, 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan «Yevrovideniye» muassisi bo‘lgan Yevropa teleradiodasturlar ittifoqi (YeVS) bosh assambleyasining sessiyasida delegatlarning ko‘pchiligi tanlov o‘tkazish qoidalarini o‘zgartirish uchun ovoz berdi. Yangiliklarning maqsadi — konkursni kamroq siyosiylashtirish.
«Yangi qoidalar tanlovga ishonchni, uning ochiqligi va neytral tabiatini mustahkamlashi kerak», — deyiladi Yevropa teleradiodasturlar ittifoqi bayonotida. Press-relizning keyingi qismida shunday tushuntirilgan: «Ovoz berish natijalariga ko‘ra, “Yevrovideniye-2026”da ishtirok etmoqchi bo‘lgan va yangi qoidalarga rozi bo‘lgan barcha YeVS a’zolari tanlovda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi».
Assambleya delegatlarining ko‘pchiligi qoidalarni o‘zgartirish uchun ovoz bergani sababli, Isroilning «Yevrovideniye»da ishtirok eta olishi masalasi kun tartibidan olib tashlandi. Siyosiy omillar — masalan, targ‘ibot va qo‘llab-quvvatlash kampaniyalarining ta’sirini cheklashga qaratilgan choralardan tashqari, milliy hay’at a’zolari ham ko‘proq huquqqa ega bo‘ldi. Ular bergan baho yarim finallar vaqtida ham hisobga olinadi. Ko‘p jihatdan aynan tomoshabinlar ovozi tufayli Isroil vakilasi Yuval Rafael 2025 yil Bazelda o‘tgan «Yevrovideniye»da ikkinchi o‘rinni egallagan edi.
So‘nggi tanlov — Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan musobaqada ham, shuningdek 2024 yil Shvetsiyaning Malme shahridagi «Yevrovideniye»da ham Isroil ishtirokini boshqa mamlakatlar vakillari norozilik bilan qarshi olgandi. Ular shunday tarzda Isroil armiyasining Falastinning Gaza sektoridagi harbiy harakatlariga qarshiligini bildirgan. Urush minglab tinch aholi qurbon bo‘lishi va keng ko‘lamli vayronagarchilikka olib kelgan. Harbiy operatsiya 2023 yil oktyabrida hamaschilarning hujumiga Isroil tomonidan berilgan javob edi. U hujum natijasida 1200 dan ortiq inson halok bo‘lgan.
Yevropa teleradiodasturlar ittifoqi qarori e’lon qilingach, Niderlandiya, Irlandiya, Ispaniya va Sloveniya telekompaniyalari Isroil ishtirok etayotgani sababli «Yevrovideniye»ni boykot qilishini ma’lum qildi. YeVS a’zolari — davlatlar emas, balki tele- va radiokompaniyalar. Aynan shu kompaniyalar, milliy hukumatlar emas, tanlovda ishtirok etish yoki etmaslik haqida qaror qabul qiladi.
Germaniyaning ARD tele- va radiokompaniyasi Yevropa teleradiodasturlar ittifoqi qarorini ijobiy qarshi oldi. Avvalroq Isroilning «Yevrovideniye»da ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashini Germaniya kansleri Fridrix Mers va madaniyat ishlari bo‘yicha davlat ministri Volfram Vaymer ham bildirgan edi.
Belarus va Rossiya vakillari 2021 va 2022 yillardan beri «Yevrovideniye»da ishtirok etmayapti. Bu mamlakatlar telekompaniyalari tanlov qoidalari va qadriyatlariga mos kelmagani uchun undan chetlashtirilgan.