Jahon | 09:00 / 05.12.2025
2374
3 daqiqa o‘qiladi

NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi

NATO 5 dekabrdan boshlab Daniya, Shvetsiya va Finlandiya mudofaa rejasini tayyorlash bo‘yicha mas’uliyatni Niderlandiyada joylashgan shtabdan AQShdagi qo‘mondonlikka o‘tkazadi. Qaror «Yevroatlantika mintaqasini mustahkamlash zarurati» bilan izohlandi.

Foto: REUTERS

NATO Daniya, Shvetsiya va Finlandiya mudofaa rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha mas’uliyatni Niderlandiyaning Bryunsyum shahrida joylashgan operatsiya shtabidan AQShning Norfolk shahridagi qo‘mondonlikka o‘tkazadi. Bu haqdagi bayonot Shimoliy Atlantika alyansining Yevropadagi Qo‘shma qurolli kuchlari qo‘mondoni Aleksus Grinkevich tomonidan qilingan bo‘lib, u 4 dekabr, payshanba kuni alyans saytida e’lon qilindi.

O‘zgarishlar 5 dekabrdan kuchga kiradi, bu munosabat bilan Finlandiyada tantanali marosim o‘tkaziladi. Qaror NATOning «raqiblari» butun dunyo bo‘ylab tarqalgani, shu bois «Yevroatlantika mintaqasini va alyansning Shimoldagi pozitsiyasini imkoni boricha mustahkamlash juda muhim» ekani bilan izohlandi. Ta’kidlanishicha, Norfolkdagi NATO shtabi allaqachon Atlantika okeani, Arktika, Grenlandiya, Islandiya, Norvegiya va Buyuk Britaniya xavfsizligi uchun javob beradi.

«NATO qo‘mondonligi nuqtai nazaridan, Norfolk — Shimoliy Amerika va Yevropa o‘rtasidagi strategik ko‘prik bo‘lib, faqat dengiz kommunikatsiyalarimizni himoya qilish bilan cheklanib qolmaydi», — dedi Grinkevich. Shu bilan birga, dpa agentligi ta’kidlashicha, Germaniya va NATOning Sharqiy Yevropadagi mamlakatlarini himoya qilishni tashkil etish bo‘yicha mas’uliyat baribir Bryunsyumdagi shtab zimmasida qoladi.

22 noyabr kuni Niderlandiyadagi ikkinchi yirik aeroport — Eyndxoven (Bryunsyumdan 80 km uzoqlikda joylashgan) hududi ustidan bir necha dron payqalgani sababli ikki soatga o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bir kun avval esa mamlakat Mudofaa vazirligi Eyndxovendan 40 km uzoqlikda joylashgan Volkel qishlog‘idagi harbiy aviabaza ustidan dronlarni urib tushirish uchun qurol ishlatilgani haqida hisobot bergan edi.

Kuz fasli boshidan beri Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi aeroportlar va boshqa obektlar ustida ham dronlar bilan bog‘liq ko‘plab hodisalar ro‘y berdi. Jumladan, Germaniya, Daniya, Belgiya, Shvetsiya, Norvegiya va Polshada bunday holatlar qayd etilgan.

Ushbu epizodlar va shunga o‘xshash boshqa holatlarda Daniya maxsus xizmatlari Rossiya g‘arbiy davlatlarga qarshi gibrid urush olib borayotganini ma’lum qildi. Biroq Yevropa osmonidagi dronlarga RF aloqadorligini isbotlovchi dalillar yo‘q. RF prezidenti Vladimir Putin bu ayblovlarni rad etib, Yevropa shaharlarida Rossiya dronlari uchun hech qanday maqsad yo‘qligini qayd etgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid