Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vengriyaning “smart qishloq” tajribasi Sirdaryoda sinab ko‘riladi
Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vaziri Tibor Navrachich ishtirokidagi uchrashuvda Vengriyaning “Smart qishloqlar” modelini Sirdaryo viloyati Xovos tumanida pilot loyiha sifatida joriy etish, shuningdek davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda Tibor Navrachich, Sirdaryo viloyati hokimi Erkin Turdimov hamda prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Husainov ishtirok etdi. Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Bu voqelik mamlakatlar yetakchilarining o‘zaro ishonchga asoslangan siyosati va izchil diplomatik sa’y-harakatlari samarasi ekani qayd etildi.
Suhbat chog‘ida Vengriyaning “Smart qishloqlar” modelini Sirdaryo viloyati Xovos tumanida pilot tarzda amalga oshirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Xovos tumanida 50 gektar yer maydonida O‘zbekiston–Vengriya texnoparkini tashkil etish, Vengriyaning Budapesht shahrida tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazish, Guliston davlat universitetida Vengriyaning MATE universiteti baliqchilik fakulteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Uchrashuv davomida Boshqaruv samaradorligi agentligi va Vengriya Davlat boshqaruvi va hududiy rivojlantirish vazirligi o‘rtasida davlat boshqaruvi va davlat fuqarolik xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida davlat xizmati, inson resurslarini boshqarish va davlat boshqaruvi sohalarida qo‘shma tadbirlar, loyihalar va o‘quv dasturlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, innovatsion boshqaruv usullarini joriy etish, inson kapitali samaradorligini oshirish hamda hududlarni barqaror rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
09:00 / 16.06.2026
Vengriya parlamenti bosh vazir lavozimida bo‘lish muddatini chekladi
08:58 / 04.06.2026
Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi yo‘lida muhim qadam tashlandi
18:06 / 27.05.2026
Vengriya parlamenti Xalqaro jinoiy suddan chiqish jarayonini to‘xtatdi
09:44 / 23.05.2026