Jahon | 13:54 / 06.12.2025
1895
4 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada tinchlik – AQSh milliy xavfsizlik strategiyasining ustuvor yo‘nalishi

Donald Tramp siyosati ustuvor yo‘nalishlari qatorida Ukrainada harbiy harakatlarni to‘xtatish va Rossiya bilan munosabatlarda strategik barqarorlikni tiklash ham bor. Bu AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida ta’kidlangan.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati yangi milliy xavfsizlik strategiyasini ishlab chiqdi. 33 betdan iborat ushbu hujjat juma kuni, 5 dekabr kuni, Oq uy saytida e’lon qilindi. U 2022 yilda sobiq prezident Jo Bayden tomonidan ma’qullangan strategiyani almashtiradi.

“Qo‘shma Shtatlar kelgusi o‘n yilliklarda ham dunyodagi eng kuchli, eng boy, eng qudratli va eng muvaffaqiyatli davlat bo‘lib qolishi uchun, mamlakatimizga tashqi dunyo bilan munosabatlarda izchil, aniq maqsadga yo‘naltirilgan strategiya kerak”, — deyiladi hujjatda.

AQShning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi America First (“Avvalo Amerika”) konsepsiyasi asosida qurilgan. Unda milliy manfaatlarga kattaroq urg‘u berish va dunyo bo‘ylab harbiy ishtirokni kamaytirish ko‘zda tutilgan. “Biz qilgan har bir ishimizda Amerikani birinchi o‘ringa qo‘yamiz”, — deb yozadi Tramp strategiya muqaddimasida.

Yevropaga oid Amerika siyosatini bayon qiluvchi bo‘limda Ukrainadagi urushni tugatish birinchi o‘ringa qo‘yiladi. “Rossiyaning Ukrainadagi urushi natijasida Yevropaning Rossiya bilan munosabatlari hozirda jiddiy ravishda zaiflashgan va ko‘plab yevropaliklar Rossiyani ekzistensial tahdid sifatida ko‘rmoqda, — deyiladi strategiyaning “Yevropa ulug‘vorligini ilgari surish” deb nomlangan bobida. — Yevropaning Rossiya bilan munosabatlarini boshqarish uchun AQSh tomonidan katta diplomatik faollik talab etiladi — ham Yevrosiyo qit’asida strategik barqarorlik sharoitlarini tiklash, ham Rossiya va Yevropa davlatlari o‘rtasida mojaro kelib chiqishi xavfini pasaytirish maqsadida”.

AQSh Ukrainaning “harbiy harakatlarni tezroq to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishi”ni o‘zining “asosiy manfaatlaridan biri” deb ataydi. Buning maqsadi “Yevropa iqtisodiyotini barqarorlashtirish, urushning kutilmagan tarzda keskinlashuvi yoki kengayishini oldini olish, Rossiya bilan munosabatlarda strategik barqarorlikni tiklash, shuningdek Ukraina urushdan keyin tiklanishini ta’minlash”dan iborat ekani qayd etiladi.

Hujjatda Ukrainadagi urush Yevropa davlatlarini tanqid qilish uchun ham misol sifatida keltiriladi. Unda aytilishicha, AQSh prezidenti ma’muriyati “Yevropadagi rasmiylar bilan qarama-qarshilik holatida”, chunki ular “urushga nisbatan reallikka to‘g‘ri kelmaydigan kutilmalarni saqlab turibdi”. “Yevropaliklarning katta qismi tinchlikni istaydi, ammo bu istak siyosatga aylanmayapti, bunga ko‘p jihatdan hukumatlarning demokratik jarayonlarni zaiflashtirishi sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi hujjatda.

Vashington Yevropaning o‘z mudofaasi uchun mas’uliyatni Yevropa zimmasiga o‘tkazishni, Rossiya bilan munosabatlarni barqarorlashtirishni va NATOni yanada kengaytirishdan voz kechishni istaydi. Strategiyada aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar Yevropaga “o‘zining hozirgi trayektoriyasini to‘g‘rilashiga” yordam berishi lozim.

Tramp ma’muriyatining Yevropaga nisbatan siyosati ustuvor yo‘nalishlari qatorida, jumladan, unga “hech qaysi dushman davlat hukmronlik qila olmaydigan shartlarda, birlashgan mustaqil davlatlar guruhi sifatida oyoqqa turishi va harakat qilishi uchun imkoniyat yaratish” vazifasi ham borligi qayd etiladi. Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, AQShning maqsadlaridan biri — “NATOni doimiy ravishda kengayayotgan alyans sifatida qabul qilishga barham berish va bunday rivojlanishning oldini olish”dir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid