Jahon | 09:22 / 07.12.2025
6604
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yana Ukrainaga dronlar va raketalar bilan hujum qildi

Kiyev aholisi hamon Rossiya hujumi vaqtida metroga tushib, jon saqlamoqda.

Alina Smutko / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya qo‘shinlari 6 dekabrga o‘tar kechasi dronlar va raketalar bilan Ukraina hududlari bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi. Kiyev oblastida Fastovdagi temiryo‘l vokzali vayron bo‘lgan, shuningdek, Vishgorod va Novi Petrivsi zarbalar ostida qolgan. Oblast ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnikning ma’lumotiga ko‘ra, uch kishi jarohatlangan.

Dniproda Rossiya dronlari hujumi oqibatida bir necha bino yonib ketdi, deb yozgan telegram-kanalida Dnipropetrovsk oblasti rahbari Vyacheslav Gayvanenko.

Fastovdagi vayron bo‘lgan vokzal, Kiyev oblasti. 2025 yil 6 dekabr
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Lutskda rossiyalik harbiylar hujumidan keyin oziq-ovqat mahsulotlari ombori yonib ketdi, deb xabar berdi shahar meri Igor Polishchuk. Shaharning bir qismi elektr ta’minotisiz qolgan. Rossiya zarbalari tufayli Lviv va Odessa oblastlarida ham elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan.

Chernihiv oblastida va oblast markazida energetika infratuzilmalari obektlariga hujum qilingan.

DTEK energetika kompaniyasi xodimi Novi Petrivsida Rossiya zarbasi oqibatida shikastlangan elektr uzatish liniyasini tuzatmoqda, Kiyev oblasti. 2025 yil 6 dekabr
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA
Novi Petrivsida zarba oqibatlarini bartaraf etayotgan qutqaruvchilar, Kiyev oblasti. 2025 yil 6 dekabr
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Ukrainaga jami turli tipdagi 51 raketa va 653 ta dron (jumladan, imitator dronlar ham) uchirgan.

RF mudofaa vazirligi zarbalar «Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari hamda ularning faoliyatini ta’minlovchi energetika obektlari, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari manfaatlari uchun foydalaniladigan port infratuzilmalari» bo‘ylab yo‘llangani haqida bayonot bergan.

Dnipropetrovsk oblasti Slobojansk rayonida yashovchi kishi Rossiya zarbasidan vayron bo‘lgan uyida. 2025 yil 6 dekabr
Mykola Synelnykov / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yangi hujum haqida gapirarkan, Rossiya xristianlar uchun muhim bayram vaqtida zarba berganiga urg‘u qaratgan. «Rossiyaliklarning maqsadi – millionlab ukrainlarni ranjitish, ular shu qadar pastlashdiki, Avliyo Mikola kunida tinch shaharlarga raketa uchirmoqda», – deb yozgan Zelenskiy Rossiyaga bosimni kuchaytirishga chaqirib.

Mavzuga oid