O‘zbekiston | 09:10 / 08.12.2025
2101
2 daqiqa o‘qiladi

Islomobodda “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘i barpo etiladi

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Islomobod shahri yaqinida joylashgan Capital Smart City loyihasi hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi va “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevning Pokistonning Habib Rafiq Pvt. Ltd kompaniyasi bosh menejeri Aslam Malik bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Foto: "Dunyo" AA

Muloqot davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekistondagi qurilish va infratuzilma loyihalarida, jumladan Yangi O‘zbekiston massivlari va Yangi Toshkent shahridagi qurilish ishlarida ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi yirik qurilish kompaniyalarini Pokistonda amalga oshirilayotgan Capital Smart City loyihasiga jalb etish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Aslam Malik O‘zbekistondagi shaharsozlik islohotlari, infratuzilmani yangilash va yangi turar joy massivlarini barpo etish sohasida jamg‘arilgan tajriba Pokiston uchun ham ahamiyatli ekanini qayd etdi. U “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasini Islomobod yaqinida amalga oshirilayotgan loyihalarga integratsiya qilish taklifini bildirdi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish, Habib Rafiq Pvt. Ltd delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida qo‘shma muzokaralarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid