Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda AES uchun zilzilabardoshlik me’yorlari tasdiqlanadi
O‘zbekistonda atom elektr stansiyalarini loyihalashda seysmik xavfni inobatga olish bo‘yicha alohida me’yorlar joriy etiladi.
Prezidentning «Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2024 yil 24 dekabrdagi farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan zilzilabardosh atom elektr stansiyalarini loyihalash me’yorlari tasdiqlanadi.
Yangi me’yorlar seysmik ta’sirga uchraydigan barcha turdagi reaktorlar uchun yerusti atom elektr stansiyalarining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Hujjat loyihasida AES elementlarining zilzilabardoshlik toifalarini aniqlash, loyihaviy va maksimal hisoblangan zilzilalar parametrlarini belgilash, qurilish konstruksiyalari, inshootlar, poydevorlar, texnologik va elektr uskunalar, avtomatlashtirish va aloqa vositalariga qo‘yiladigan seysmik talablar qamrab olingan.
Me’yorlarga ko‘ra, atom elektr stansiyasi joylashadigan hudud va maydonchaning seysmikligi maxsus seysmologik tadqiqotlar, seysmik rayonlashtirish va mikrorayonlashtirish asosida aniqlanadi. Loyihada AESning loyihaviy va maksimal hisoblangan zilzilalar darajasigacha ham elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni, ham xavfsizlikni ta’minlash qobiliyati nazarda tutiladi.
Hujjatda AES binolari va inshootlarini komponovka qilishda sodda va simmetrik konstruktiv yechimlar, antiseysmik choklardan foydalanish, poydevor-grunt o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda hisoblashlar o‘tkazish talab etiladi. Texnologik uskunalar, quvur tarmoqlari, elektr jihozlari va avtomatika vositalari zilzilabardoshligi alohida hisoblash va zarurat bo‘lganda stend sinovlari orqali asoslanadi.
Shuningdek, loyihalarda muayyan jadallikdagi zilzila sodir bo‘lganda reaktorni avtomatik ravishda avariyaviy to‘xtatishni ta’minlaydigan seysmometrik nazorat va signalizatsiya tizimini joriy etish, AES xodimlarini ogohlantirish va himoya qilish bo‘yicha texnik va tashkiliy choralar nazarda tutiladi.
Mazkur me’yorlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi va Atom energiyasi agentligi bilan kelishilgani aytiladi.
Mavzuga oid
09:10 / 07.06.2026
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
16:12 / 05.06.2026
AESda ishlab chiqarilgan 1 kWh elektr narxi 1000 so‘mdan past bo‘ladi - Azim Ahmadxo‘jayev
10:59 / 05.06.2026
O‘zbekistonda quriladigan AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmaydi - "O‘zatom" direktori
08:19 / 05.06.2026