Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada josuslik va diversiya holatlari bo‘yicha rekord qayd etildi
Germaniya harbiy kontrrazvedka xizmati (MAD)ning 2024 yilgi yillik hisobotiga ko‘ra, GFR hududida turli xil insidentlar bo‘yicha rekord darajada ko‘p holatlar qayd etilgan. Xizmat rahbari asosiy ishtirokchilar sifatida Rossiya va Xitoyni atadi.
Germaniya harbiy kontrrazvedka xizmati MAD mamlakatda chet el davlatlari tomonidan amalga oshirilayotgan josuslik va diversiya holatlari bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi. «Josuslikni hanuzgacha ehtimoliy harbiy mojarolarga tayyorgarlik sifatida ko‘rish lozim», — deb yozadi maxsus xizmat rahbari Martina Rozenberg seshanba, 9 dekabr kuni e’lon qilingan hisobotda.
Hujjatga ko‘ra, xususan, Germaniya armiyasi soni haqidagi ma’lumotlar, mamlakatdagi qurol-yarog‘ tizimlari, boshqaruv va qo‘mondonlik tuzilmalari, shuningdek qo‘shinlarni joylashtirish to‘g‘risidagi qarorlarga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritish urinishlari ko‘paygan. Umuman hisobotda Rossiya va Xitoy bundesverga qarshi qaratilgan razvedka hujumlarining asosiy ishtirokchilari sifatida baholanadi.
Bundan tashqari, hisobotda 2024 yilda ikkinchi yil qatorasiga umumiy ekstremizmda gumon qilinayotgan shaxslar soni o‘sishda davom etgani qayd etilgan, jumladan armiyada o‘ng ekstremizm holatlari ko‘paygani aytilgan. O‘tgan yil davomida ko‘rib chiqilayotgan yangi ishlar soni 2023 yildagi 483 tadan 524 taga (302 ta profilaktika operatsiyasi va 222 ta tekshiruv operatsiyasi)cha oshgan. Ularning ichida o‘ng ekstremizm bo‘yicha 413 ta yangi ish (216 ta profilaktika va 197 ta tekshiruv) ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga ko‘pdir.
Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan GFR hududida josuslik harakatlari urinishlarining sezilarli oshgani haqida MAD rahbari Martina Rozenberg 21 iyul kuni dpa agentligiga bergan intervyusida gapirgan edi. «Biz josuslik va gibrid choralar holatining keskin ko‘payishi haqida gapiryapmiz. Yondashuv ancha ko‘lamli va tajovuzkor tus oldi», — deb ta’kidlagan u. «Ular sovuq urush davridan ma’lum bo‘lgan usullardan foydalanmoqda va o‘z instrumentlarini kengaytirmoqda», — dedi u qo‘shimcha qilib.
Gap, jumladan, Germaniyadagi harbiy obektlar va infratuzilmada josuslik urinishlari, ta’minot yo‘llariga qaratilgan diversiyalar, dezinformatsiya, kiberhujumlar va radioelektron kurash vositalaridan himoyalangan uchuvchisiz qurilmalar (dronlar) parvozlari haqida ketmoqda, deb aniqlik kiritgan Rozenberg. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yil davomida aniqlangan holatlar soni deyarli ikki baravarga oshgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya agentlari hanuzgacha Germaniyaga uchinchi mamlakatlar orqali kirib kelmoqda: «Ular munosabatlar o‘rnatishga, ishonch uchun asos yaratishga urinadi. Shuningdek, Rossiya ildizlariga ega shaxslar, etnik nemis repatriantlar yoki RF bilan aloqasi bor kishilar ham obektga aylanishi xavfi mavjud».
MAD qurolli kuchlarni himoya qilish, josuslik va diversiyaga qarshi kurashish, ekstremizmga qarshi choralar ko‘rish, shuningdek harbiylar va fuqaro xizmatchilari xavfsizligini tekshirish uchun javobgardir. Bu maxsus xizmat mamlakat Mudofaa vazirligiga bo‘ysunadi, uning bosh idorasi Kyoln shahrida joylashgan.
Mavzuga oid
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
11:20 / 08.06.2026
O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga jalb etish kengaytiriladi
08:40 / 06.06.2026