O‘zbekiston | 14:30 / 11.12.2025
996
3 daqiqa o‘qiladi

Korxonalarda issiqlik xo‘jaligini yuritish bo‘yicha yangi me’yorlar joriy etiladi

O‘zbekistonda korxonalarda issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish tartibini belgilaydigan yangi qoidalar tasdiqlanadi. Ular ishlab chiqarishda xavfsizlikni ta’minlash, energiyani tejash va issiqlik xo‘jaligini samarali boshqarishni ko‘zda tutadi.

Foto: tashteplocentral.uz

O‘zbekistonda korxonalarda issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishni tartibga soluvchi yangi me’yoriy hujjat qabul qilinadi. Mazkur qoidalar rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi va mavjud idoraviy hujjatlarning bir qismining amalini tugatadi.

Yangi qoidalar issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar, issiqlik tarmoqlari, issiqlik manbalari, issiqlik ta’minotining ochiq va yopiq tizimlari, issiqlik punktlari, kondensat yig‘ish va qaytarish tizimlari kabi tushunchalarga aniq ta’rif beradi. Qoidalar maishiy iste’molchilardan tashqari, issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarga ega barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga taalluqli hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, korxonalarda issiqlik xo‘jaligining texnik holati va xavfsiz ishlashi uchun mas’ul shaxslar korxona rahbari buyrug‘i bilan tayinlanadi. Ular issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarining soz holatda bo‘lishi, iste’molchilarga issiqlik energiyasini ishonchli yetkazib berish, xavfsizlik texnikasi va mehnat muhofazasi talablariga rioya etilishini ta’minlashi shart.

Yangi me’yorlarga muvofiq, issiqlik xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar maxsus o‘quv kurslaridan o‘tib, belgilangan tartibda bilimlar sinovidan o‘tishi va tegishli guvohnoma olishi lozim. Xodimlarning o‘z vazifalari bo‘yicha bilimlari har yili yoki belgilangan muddatlarda qayta tekshirib boriladi. Issiqlik uskunalari va tarmoqlarida yuz bergan har bir avariya, nosozlik yoki baxtsiz hodisa alohida tartibda o‘rganilib, sabablari tahlil qilinadi va ularning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Qoidalarda issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini rejali profilaktik ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish, ularni ishga tushirish va ekspluatatsiyaga qabul qilish tartibi ham atroflicha belgilab qo‘yilgan. Jumladan, uskunalar texnik shartlar va amaldagi standartlarga javob berishi, pasport va zarur texnik hujjatlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.

Energiyani tejash va issiqlik balansini yaxshilash maqsadida korxonalarda issiqlik energiyasi, bug‘ va kondensat sarfini o‘lchash, tahlil qilish, solishtirma sarf me’yorlarini joriy etish, ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish choralari ko‘zda tutilgan. Kondensatni yig‘ish va issiqlik manbai tomon qaytarish, issiqlik tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish korxonalar zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etilgan.

Yangi qoidalarda issiqlik tarmoqlari, issiqlik punktlari, suv isitish qurilmalari, isitish va shamollatish tizimlari, issiq suv ta’minoti, issiqlik almashuvi apparatlari, issiqlik o‘lchov asboblari va avtomatik rostlagichlarni ekspluatatsiya qilishga doir maxsus paragraflar alohida ilovalar ko‘rinishida belgilangan. Shu bilan birga, yong‘in xavfsizligi, avariyalarga qarshi harakat qilish, ishchi smenalarni tashkil etish va navbatchi xodimlarning javobgarligi yuzasidan ham aniq talablar kiritilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid