Ayollar dunyosi | 11:17 / 11.12.2025
2444
4 daqiqa o‘qiladi

Qishda sochlar nima uchun ko‘proq zararlanadi? Mutaxassislar tavsiyalari

Foto: iStock

Qish fasli — nafaqat teri va salomatlik, balki soch uchun ham qiyin davr hisoblanadi. Sovuq havo, uydagi issiq batareyalar, shamol va shapka ostida qolgan muhit — bularning barchasi soch tuzilishini zaiflashtiradi. Mutaxassislar qish mavsumida soch parvarishiga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.

Nega qishda sochlar tez zararlanadi?

Bunga sabablardan biri – sovuq havo sochni quritadi. Tashqi muhitdagi past harorat sochdagi tabiiy namlikni tez bug‘lantirib yuboradi. Shu sabab sovuq kunlarda soch qobig‘i (kutikula) ochilib ketadi va soch qurib, sinuvchan bo‘lib qoladi. Faqat sovuq emas, uy ichidagi batareyalar havoni quritishi oqibatida ham sochlar aziyat chekadi. Chunki quruq havoda soch va bosh terisidagi namlik kamayadi. Mutaxassislar aytishicha, qishda soch tez qurib, mo‘rtlashib qolishining asosiy sabablaridan biri aynan shu.

Bundan tashqari sovuqda ko‘pincha bosh kiyimda yurish ham biroz e’tibor talab qiladi. Shapka kiyganimizda bosh terisida havo aylanishi pasayadi. Bu yog‘ning ko‘payishiga, sochning yog‘lanib qolishiga va shamolda elektrlanishiga sabab bo‘ladi. Albatta, shapkasiz yurish kasallikka sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun parvarishni kuchaytirish sochlarni sog‘lom saqlaydi.

Qishda ratsionda vitaminli mahsulotlar kamaygani uchun ham soch o‘sishi sekinlashadi, uning kuchli va bir tekis bo‘lishiga ta’sir qiladi.

Qishda sochga qanday parvarish kerak?

Namlantiruvchi shampun va maskalarni tanlang. Quruq va sovuq havo ta’sirida soch tez mo‘rtlashadi. Shuning uchun qishda namlantiruvchi shampunlar, konditsionerlar va haftada kamida 1 marta oziqlantiruvchi maskalar qo‘llash tavsiya etiladi.

Issiqdan himoyalovchi vositalarni unutmang. Qishda fenni ko‘p ishlatamiz. Shu bois issiqdan himoyalovchi spreylar sochni sinishdan saqlaydi. Fenni yuqori haroratda emas, o‘rtacha haroratda qo‘llash kerak.

Tabiiy yog‘lar — eng yaxshi yordamchi bo‘ladi, masalan, argan yog‘i, kastor yog‘i, zaytun yog‘i va kokos yog‘i — qishda sochni tiklash uchun eng samarali tabiiy vositalar hisoblanadi. Ular sochni oziqlantiradi, qalinlashtiradi va yaltiratadi.

Bundan tashqari, shapka tanlashga e’tiborli bo‘lish kerak, sintetik materiallar sochni elektrlantiradi. Shuning uchun tabiiy matoli shapkalarni tanlash, ichiga ipak yoki paxtali astar qo‘yish foydali.

To‘g‘ri ovqatlanish sog‘lom sochlar sababchisi ekanini bilarmidingiz? Vitamin B guruhi, temir, sink, omega-3 va protein — qishda sochning asosiy “quvvati” hisoblanadi. Ratsionga tuxum, baliq, yong‘oqlar, ko‘katlar va qora shokolad qo‘shish tavsiya etiladi.

Qish — soch uchun sinovli fasl. O‘z vaqtida va to‘g‘ri parvarish qilinsa, soch nafaqat zararlanmaydi, balki yanada sog‘lom, yaltiroq va jozibador bo‘lib qoladi. Muhimi tabiiy vositalardan muntazam va to‘g‘ri foydalanish jilokor sochlar garovi bo‘ladi.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid