Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa sudi Gurjistonni namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikda aybdor deb topdi
2019 yili Tbilisida odamlar Rossiya Davlat dumasi deputati chiqishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazgan edi. Endi esa Gurjiston politsiyaning namoyishchilar va jurnalistlarga nisbatan mutanosib bo‘lmagan kuch ishlatgani uchun kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi.
Foto: Reuters/I. Gedenidze
Yevropa inson huquqlari sudi (YeIHS) 2019 yilda Tbilisida o‘tkazilgan namoyishni tarqatish chog‘ida sodir etilgan inson huquqlari buzilishi uchun Gurjistonni javobgar deb topdi. Payshanba, 11 dekabr kuni YeIHS jabrlanuvchilarga olti raqamli (ya’ni yuz minglab) kompensatsiya to‘lash to‘g‘risida qaror chiqardi.
Sudga 14 nafar jurnalist – namoyishni yoritgan OAV vakillari va aksiyaning 11 ishtirokchisi da’vo bilan murojaat qilgan. Strasburgdagi sud xabar qilishicha, ularning aksariyati politsiya tomonidan rezina o‘qlar qo‘llanishi natijasida jarohatlangan. Boshqalar esa politsiya xodimlari tomonidan bosimga duchor bo‘lgan.
2019 yil iyunida bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyasiga taxminan 12 ming kishi yig‘ilgan, to‘qnashuvlar natijasida 200 dan ortiq odam — politsiya xodimlari, OAV vakillari va namoyishchilar — jarohatlangan. Tartibsizliklarga Rossiya delegatsiyasining Gurjiston parlamenti binosidagi yig‘ilishda ishtirok etishi sabab bo‘lgan. Davlat dumasi deputatlaridan biri parlament raisi minbaridan chiqish qilgani ko‘pchilik tomonidan haqorat deb qabul qilingan. Oppozitsiya Rossiyaning Gurjistonga ta’siri kuchayishidan xavotir olib, norozilikka chaqirgan.
Strasburg sudining Katta palatasi sudyalari namoyishni tarqatish paytida «haddan tashqari va mutanosib bo‘lmagan kuch ishlatilgani, natijada da’vogarlar va boshqa shaxslar tan jarohati olgani»ni tasdiqladi. Sudyalar ta’kidlashicha, jurnalistlar fikr bildirish erkinligidan, namoyishchilar esa tinch yig‘ilish erkinligidan mahrum etilgan.
Sudning xulosasiga ko‘ra, parlament oldidagi namoyishni tarqatishning o‘zi huquqiy jihatdan mumkin bo‘lgan holat deb baholanishi mumkin, biroq hukumat qo‘llagan usullar oqlanmaydigan darajada keskin bo‘lgan.
Strasburg sudi shuningdek, Gurjiston hokimiyati o‘sha paytdagi voqealar bo‘yicha tergovni yetarlicha tez va puxta o‘tkazmaganini aniqladi. Qarorda qayd etilishicha, oradan besh yarim yil o‘tganiga qaramay, zo‘ravonlik qo‘llagan davlat xizmatchilari shaxsi hamon aniqlanmagan.
Mavzuga oid
08:21 / 07.03.2026
YeI gurjistonlik diplomatlar uchun vizasiz rejimni to‘xtatdi
11:17 / 10.02.2026
YeI ilk bor uchinchi davlatlar portlariga sanksiya qo‘llashni ko‘rib chiqmoqda
23:16 / 12.01.2026
Gurjistonning sobiq bosh vaziri Garibashvili besh yilga qamaldi
10:03 / 09.01.2026