Jahon | 14:25 / 15.12.2025
1277
3 daqiqa o‘qiladi

Amsterdamda TSAHAL kantori chiqishiga qarshi namoyishda 22 kishi ushlandi

Niderlandiya politsiyasi xabar berishicha, Amsterdamda Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) kantori Shay Abramsonning Concertgebouw konsert zalidagi chiqishiga qarshi namoyishlar chog‘ida 22 kishi qo‘lga olingan. Qo‘lga olinganlarga ayblovlar qo‘yilgan.

Foto: Mouneb Taim/Anadolu/picture alliance

Amsterdamda Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) kantori Shay Abramsonning chiqishiga qarshi noroziliklar vaqtida 22 kishi hibsga olindi. Bu haqda yakshanba kuni, 14 dekabrda Niderlandiya politsiyasi ma’lum qildi.

Kechqurun bir necha yuzlab kishi Concertgebouw konsert zali yonida to‘plandi. Politsiya “namoyishchilarni masofada ushlab turish va jamoat tartibini saqlash” uchun bir necha bor aralashgan.

Namoyishchilar tutunli shashkalarni yoqqanidan keyin, AFP agentligi xabar berishicha, politsiya xodimlari dubinkalardan foydalangan. Huquq-tartibot idoralari ma’lum qilishicha, to‘qnashuvlar paytida bir politsiyachi yengil jarohat olgan.

Qo‘lga olingan 22 kishining barchasiga yig‘ilishlar to‘g‘risidagi qonunni buzish, pirotexnika buyumlarini saqlash va hibsga olish vaqtida qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha ayblovlar qo‘yildi.

Abramson 14 dekabr kuni kunduzi yahudiylar bayrami — Xanuka munosabati bilan o‘tkaziladigan konsertda chiqish qilishi kerak edi. Ammo uning TSAHAL bilan aloqalari sabab chiqishga qarshi namoyishlar uyushtirildi. Natijada kunduzgi ommaviy konsertda uning ishtiroki bekor qilindi, biroq Abramson kechqurun ikki xil, yopiq va kamroq tomoshabin qatnashadigan konsertlarda ishtirok etgan.

2024 yil 7 noyabr kechqurun Amsterdamda Isroilning Tel-Aviv shahridagi “Makkabi” klubi va Niderlandiyaning “Ayaks” jamoasi o‘rtasidagi futbol o‘yinidan keyin niqobli shaxslar isroillik muxlislarga hujum qilgan. Hujumchilarning ayrimlari Falastin bayroqlarini ko‘tarib, tegishli shiorlarni qichqirgan. Ular, shuningdek, isroilliklar to‘xtagan mehmonxonalarga kirib borishga ham uringan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shaharning turli hududlarida o‘n nafardan o‘ttiz nafargacha isroillik muxlis jabrlangan. Politsiya besh kishi shifoxonaga yotqizilganini bildirgan. Jabrlanganlarda kaltaklanish asoratlari va pichoq jarohatlari qayd etilgan, 62 kishi ushlangan.

Sentyabr oyida Belgiyaning Gent shahridagi Flanders Festival musiqa festivali tashkilotchilari Myunxen filarmoniya orkestri (Münchner Philharmoniker) konsertini bekor qildi. Ular bu qarorni orkestrning bo‘lajak bosh dirijyori — isroillik pianinochi Laxav Shani ekani bilan izohlagan. Festival tomonidan Myunxen filarmoniya orkestri chiqishining bekor qilinishi Germaniya hukumat doiralarida norozilik uyg‘otgan.

36 yoshli isroillik pianinochi Laxav Shani 2023 yilda Myunxen filarmoniya orkestrining bosh dirijyori etib tayinlangan. U bu lavozimda rossiyalik Valeriy Gergiyev o‘rnini egallaydi.

Biroq Shani bu vazifaga faqat 2026 yil sentabrda kirishadi, chunki u shu vaqtgacha Rotterdam filarmoniya orkestri bilan shartnoma asosida ishlaydi.

Mavzuga oid