Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chilida prezidentlik saylovida konservator Kast g‘alaba qozondi
Chilidagi prezident saylovining ikkinchi turida o‘ng Respublikachilar partiyasidan Xose Antonio Kast g‘alaba qozondi. U yuz minglab noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilishni va’da qilgan va Pinochet davridan beri ilk o‘ta o‘ng prezidentga aylanadi.
Foto: Diego Martin/Aton Chile/IMAGO
O‘ta o‘ng qarashli, 59 yoshli Xose Antonio Kast Respublikachilar partiyasidan prezident saylovining ikkinchi turi yakunlariga ko‘ra g‘alaba qozondi. Yakshanba, 14 dekabr kuni, saylov komissiyasi 83 foiz ovozlar sanalganidan so‘ng ma’lum qilishicha, uni taxminan 59 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlagan.
Uning asosiy raqibasi — Chili Kommunistik partiyasi a’zosi, hokimiyatdagi so‘l-markazchi ittifoq nomzodi, 51 yoshli Janett Xara mag‘lubiyatni tan olgan. U taxminan 41 foiz ovoz olgan va telefon orqali suhbatda raqibini tabriklagan.
Kast prezident lavozimini uchinchi urinishda egallamoqchi. Saylovoldi kampaniyasida u jinoyatchilik va noqonuniy migratsiyaga qarshi qattiq choralar ko‘rishni asosiy shior qilib olgan.
Kastning ota-onasi — Maykl Kast Shindele va Olga Rist Xagshpil asli Bavariyadan. Otasi vermaxt leytenanti va Germaniya Milliy-sotsialistik nemis ishchilar partiyasi a’zosi bo‘lgan, 1950 yilda Germaniyadagi denatsifikatsiya jarayoni vaqtida Chiliga qochib ketgan.
Birinchi turdan keyingi nutqida Kast shunday degan: «Biz vatanimizni tiklaymiz». To‘qqiz farzandning otasi va qat’iy katolik bo‘lgan Kast allaqachon yuz minglab noqonuniy muhojirlarni — asosan venesuelaliklarni deportatsiya qilishga va’da bergan.
Xose Antonio Kast 1973–1990 yillardagi Augusto Pinochet diktaturasidan keyin Chilida prezidentlik lavozimini egallagan ilk o‘ta o‘ng siyosatchi bo‘ladi.
Kast Santyago shahrida tug‘ilgan, shaharning Katolik universitetida huquqshunoslik yo‘nalishida o‘qigan va AFP agentligi eslatishicha, 30 yildan beri siyosat bilan shug‘ullanib keladi. U abortlarni taqiqlash, shuningdek favqulodda kontratsepsiyaga qarshi chiqishni qo‘llab-quvvatlagan, ajrashish va evtanaziyaga qarshi bo‘lgan.
O‘n farzandning eng kichigi bo‘lgan Kast ota-onasidan kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq muvaffaqiyatli biznesni meros qilib olgan.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Chilining saylangan prezidentini g‘alaba bilan tabriklagan. «Qo‘shma Shtatlar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va savdo aloqalarimizni faollashtirish maqsadida uning ma’muriyati bilan hamkorlik qilishni umid qiladi», — deb yozgan Rubio X ijtimoiy tarmog‘ida. O‘z navbatida Argentina prezidenti Xaver Miley ham Kastning «ishonarli g‘alabasidan ulkan quvonch» his qilganini bildirgan.
Birinchi turda sakkiz nafar nomzod ishtirok etgan. 2012 yildan beri ilk bor Chilida saylovlarda ovoz berish majburiy bo‘ldi. Xose Antonio Kast 11 mart kuni lavozimiga kirishadi.
Mavzuga oid
12:53 / 10.12.2025
Zelenskiy urush davrida saylovlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi
07:20 / 06.12.2025
Rossiya–Qozog‘iston, Argentina–Chili: dunyodagi eng uzun chegaralar ro‘yxati
10:00 / 01.12.2025
Qirg‘izistondagi saylovlar: Japarovga sodiq nomzodlar deyarli barcha okrugda g‘alaba qozondi
12:26 / 06.10.2025