Iqtisodiyot | 10:50 / 16.12.2025
783
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya avtokonsernlarining foydasi 2009 yil darajasigacha tushib ketdi

Nemis avtokonsernlarining operatsion foydasi 2009 yildagi moliyaviy inqiroz davri darajasiga tushib ketdi. 2026 yilda vaziyat yaxshilanishi kutilmayapti. Germaniyaning jahon avtomobilsozligidagi o‘rni tobora kam ahamiyatli bo‘lib bormoqda.

Foto: Ronny Hartmann/AFP

Volkswagen, BMW va Mercedes-Benz kompaniyalarining 2025 yil uchinchi choragidagi sotuv hajmi va tushumi 2024 yilning shu davriga nisbatan nisbatan barqaror qolgan. Biroq ularning operatsion foydasi qariyb 76 foizga qulab, taxminan 1,7 mlrd yevroni tashkil etgan. EY nemis auditorlik va konsalting kompaniyasi tomonidan tayyorlangan tahlilga ko‘ra, bu 2009 yil uchinchi choragidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Tahlil 15 dekabr, dushanba kuni e’lon qilingan.

Tahlilchilar bahosiga ko‘ra, hozir nemis avtokonsernlariga bo‘layotgan bosim 2008–2009 yillar inqirozi bilan qiyoslanadi. Germaniya kabi kuchsiz natijaga boshqa hech bir yirik avtomobilsoz mamlakat tushmagan. Taqqoslash uchun: xuddi shu davrda yapon avtokonsernlarida operatsion foyda taxminan 29 foizga, AQSh va Xitoy kompaniyalarida esa taxminan 14 foizga kamaygan.

EY avto-eksperti Konstantin Gall raqamlarni shunday izohladi: “Jahon avtomobil sanoati chuqur inqirozni boshidan kechirmoqda. Ammo ayniqsa hozir nemis avtokonsernlari eng qattiq aziyat chekyapti”.

Uning aytishicha, sabablar quyidagilar: qimmat premium avtomobillarga talabning susayishi, Amerika bojlari, valuta kurslarining noqulayligi, shuningdek ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va elektromobillarga sarmoya kiritish bilan bog‘liq yuqori xarajatlar.

Nemis avto-eksperti Ferdinand Dudenxyoffer baholashicha, Germaniyada avtomobil ishlab chiqarish kelasi yil ham qisqaradi. Uning ta’kidlashicha, Germaniya avtozavodlarida ishlaydiganlar soni hozirgi 720 000 kishidan 2027 yilga borib 650 000 nafarga tushib ketishi mumkin.

Xalqaro taqqoslashda Germaniya va umuman Yevropaning roli tobora kamayib bormoqda. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra: “O‘sish Osiyoda kechyapti, va osiyoliklar — Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy — avtomobil biznesida tobora kuchliroq hukmronlik qilmoqda”.

Mavzuga oid