O‘zbekiston | 14:05 / 16.12.2025
752
3 daqiqa o‘qiladi

Yadroviy yoqilg‘ini saqlash va tashish bo‘yicha talablar joriy etiladi

O‘zbekistonda atom energiyasidan foydalanish obektlarida yadroviy yoqilg‘ini saqlash va tashishda xavfsizlikni ta’minlashga doir asosiy qoidalar tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. Hujjat yadroviy yoqilg‘i bilan ishlash jarayonida mumkin bo‘lgan avariyalarning oldini olish, oqibatlarni kamaytirish va tezkor javob berish bo‘yicha talablarni belgilaydi.

Foto: iStock

Yangi qoidalar yadroviy yoqilg‘ini saqlash va tashish tizimlariga qo‘yiladigan asosiy texnik va tashkiliy talablarni qamrab oladi. Hujjatda atom stansiyalari, atom elektr stansiyasi hududida mustaqil joylashgan saqlash inshootlari, AES hududidan tashqaridagi yadroviy yoqilg‘i saqlash punktlari hamda ilmiy-tadqiqot yadroviy inshootlariga tatbiq etilishi nazarda tutilgan. Qoidalar loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va foydalanilayotgan obektlar uchun ham amal qilishi belgilangan.

Qoidalarga ko‘ra, atom energiyasidan foydalanish obekti loyihasida yadroviy yoqilg‘ini saqlash va tashish tizimi albatta nazarda tutilgan bo‘lishi lozim. Xavfsizlikni asoslash bo‘yicha asosiy hujjat sifatida obektning xavfsizlikni asoslash yuzasidan hisoboti belgilangan bo‘lib, unda normal ekspluatatsiya qoidalarining ehtimoliy buzilishi, loyihaviy avariyalar boshlang‘ich hodisalari va loyihadan tashqari avariyalar ro‘yxati keltirilishi talab etiladi.

Hujjatda loyihaviy avariyalar uchun ehtimoliy boshlang‘ich hodisalar qatorida tabiiy va texnogen ichki-tashqi ta’sirlar, energiya ta’minotining to‘liq to‘xtashi, yadroviy yoqilg‘i saqlash inshootida yoki tashish vositasida yong‘in chiqishi, issiqlik ajratuvchi to‘plamlar tushib ketishi, saqlash havzasidan sizib chiqish ehtimoli, shamollatish tizimi ishdan chiqishi natijasida portlash xavfini tug‘diruvchi aralashmalar hosil bo‘lishi kabi holatlar sanab o‘tilgan.

Shuningdek, obekt ichida yadroviy yoqilg‘ini tashish maxsus transport vositalarida, transport komplektlarida amalga oshirilishi, qadoqlash moslamalari tashish jarayonida ishonchli tarzda mahkamlanishi, ko‘tarish balandligi imkon qadar minimal bo‘lishi kerakligi belgilangan. Yadroviy yoqilg‘i mavjud bo‘lgan joylar orqali yadroviy yoqilg‘iga aloqador bo‘lmagan yuklarni tashishga cheklovlar ham nazarda tutilgan.

Qoidalarda yadroviy yoqilg‘ini saqlash inshootlari yong‘in signalizatsiyasi, shamollatish, ishchi va favqulodda yoritish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi, yong‘in o‘chirishda neytronlarning samarali ko‘payish koeffitsiyentini oshirishi mumkin bo‘lgan vositalardan foydalanish ta’qiqlanishi, saqlash inshootlarida yonuvchan, zaharli yoki portlovchi moddalarni saqlashga yo‘l qo‘yilmasligi kabi talablar bayon etilgan.

Yakunda qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot qoidalarga rioya etilishini nazorat qilishi va kamida yiliga bir marta davriy tekshiruv o‘tkazib, natijalarini maxsus vakolatli organga taqdim etishi shartligi belgilangan. Qoidalar buzilganda aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid