Jahon | 20:40 / 17.12.2025
2857
2 daqiqa o‘qiladi

Marshall orollari dunyoda birinchi bo‘lib bazaviy daromadni joriy etdi

Mablag‘lar AQSh tomonidan yadroviy sinovlar uchun to‘langan kompensatsiyalardan ajratiladi.

Foto: Getty images

Marshall orollari bazaviy sharsiz daromad umummilliy dasturini ishga tushirgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. The Guardian nashrining yozishicha, barcha fuqarolar har chorakda 200 dollarga teng miqdorda pul oladi. Shu bilan birga, aholi to‘lovlarni qanday shaklda olishni tanlashi mumkin: bank hisobiga o‘tkazish, chek yoki kriptovaluta.

Mahalliy rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, arxipelag aholisi birinchi to‘lovlarni allaqachon olgan. 60 foiz holatda pullar bevosita bank hisob raqamlariga o‘tkazilgan, qolgan hollarda odamlar qog‘oz cheklarni olishgan. Kriptohamyonlarga to‘lovlarni olish uchun atigi 12 kishi ro‘yxatdan o‘tgan.

«Biz, hukumat, hech kim qo‘llab-quvvatlashsiz qolmasligiga ishonch hosil qilmoqchimiz. Yiliga 800 dollar sizni ishdan bo‘shashga majbur qilmaydi, ammo bu odamlar uchun o‘ziga xos ma’naviy rag‘batdir», dedi Marshall orollari moliya vaziri Devid Pol.

Bazaviy sharsiz daromad dasturi AQSh bilan kelishuv doirasida tashkil etilgan jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu kelishuv, xususan, Marshall orollariga amerikaliklar arxipelagda o‘nlab yillar davomida o‘tkazgan yadroviy sinovlari uchun tovon to‘lashni nazarda tutadi. Jamg‘arma $1,3 mlrddan ortiq aktivlarni boshqaradi, yana $500 mln 2027 yilgacha ajratiladi.

Marshall orollari - Tinch okeanidagi arxipelag bo‘lib, 29 ta marjon orollari, beshta yirik va mingdan ortiq kichik orollarni o‘z ichiga oladi. Mamlakatda 40 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, ularning taxminan yarmi poytaxt Majuro shahrida joylashgan.

O‘tmishda ayrim mamlakatlar (AQSh, Kanada, Italiya, Shveytsariya, Finlyandiya, Hindiston va boshqalar) bazaviy sharsiz daromad bo‘yicha eksperimental loyihalarni ishga tushirgan, ammo faqat alohida shaharlar yoki kichik hududlar darajasida.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid