O‘zbekiston | 13:28
4135
3 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi o‘quv markazlarini ogohlantirdi (ro‘yxat)

O‘quv markazlari va ta’lim platformalarida xizmat sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirib, shartnoma va pulni qaytarish shartlari bo‘yicha yetarli ma’lumot bermaslik holatlari ko‘payib bormoqda. Raqobat qo‘mitasi eng ko‘p shikoyat tushayotgan 10 dan ortiq muassasalarni sanab o‘tdi. Ular orasida avvalroq Kun.uz surishtiruv o‘tkazgan “Newton Academy” va “Badavlat ayol” loyihalari ham bor.

2024–2025 yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha Raqobat qo‘mitasiga 1 200 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi:

  • “Newton Academy”, “NewTone School”;
  • “MyTeacher” onlayn ingliz tili kursi;
  • “Prep.uz” onlayn rus tili kursi;
  • “Badavlat ayol” loyihasi;
  • “Qadam Eduaction” o‘quv markazi;
  • “Lerna”, “Skillbox”, “Geekbrains”;
  • “Interno Edu” MChJ;
  • “Englify” MChJ;
  • “Niyat Education”;
  • “Sevenedu” onlayn til markazi kabi o‘quv markazlari va onlayn ta’lim platformalari faoliyatiga taalluqli.

Qayd etilishicha, bir qator o‘quv markazlari va ta’lim platformalarida ta’lim sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi bo‘yicha yetarli ma’lumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.

E’tirozlarda “Uzum Nasiya”, "Shaffof moliya”, “Paylater” va boshqa muddatli to‘lov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada berilgan va’dalar amalda bajarilmayotgani bildirilgan.

Qo‘mita yuqoridagi kabi ta’lim markazlarini qonunchilikka, litsenziya talablariga, shu jumladan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishga chaqirgan holda, har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik nazarda tutilganini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil dekabr oyida Kun.uz Toshkentda bir nechta filiallarga ega “Newton Academy” haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda farzandini berib, bir yillik to‘lov qilgan bir guruh ota-onalar markazdagi ta’lim sifatidan noroziligi haqida so‘z boradi. Raqobat qo‘mitasi o‘shanda bu o‘quv markazini jarimaga torttirgan edi.

Shuningdek, Kun.uz “Badavlat ayol” loyihasi atrofidagi noroziliklar yuzasidan ham surishtiruv o‘tkazib, kurslarni bo‘lib to‘lashga sotib olgan, lekin keyin hafsalasi pir bo‘lgan qatnashchilar Uzum Nasiya'dagi to‘lovlar to‘xtamasligidan shikoyat qilayotganini yoritgan edi. Bu keysda ham Raqobat qo‘mitasi odamlarni loyihaga ehtiyotkor qarashga chaqirgandi.

Mavzuga oid