Jahon | 09:25
870
4 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya elektromobillarga o‘tish qoidalarini yumshatishni taklif qildi

Avtosanoat bosimi ostida Yevrokomissiya YeIda 2035 yilgacha ichki yonuv dvigateliga ega yangi avtomobillar sotuvini to‘liq taqiqlash rejasidan voz kechdi.

Foto: Jan Woitas/dpa-Zentralbild/dpa

Yevropa komissiyasi (YeK) Yevropa avtomobil sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar paketini taqdim etdi. Unda avtomobilchilarga nisbatan iqlim talablarini yumshatish va 2035 yilga borib ichki yonuv dvigateli bo‘lgan yangi avtomobillarni sotishni to‘liq taqiqlashdan voz kechish taklif etilgan. SO₂ (uglerod dioksidi) tashlamalarini nolga tushirish talabi o‘rniga, ularni qisqartirish rejasi taklif qilinmoqda — bu haqda seshanba, 16 dekabr kuni Strasburgda e’lon qilingan YeK tashabbusida aytiladi.

Avvalgi rejaga ko‘ra, 2035 yildan boshlab YeIda faqat SO₂ tashlama chiqarmaydigan avtomobillar ro‘yxatdan o‘tkazilishi (ro‘yxatga olinishi) mumkin edi. Amalda bu elektromobillarga to‘liq o‘tishni anglatardi. Endi esa Yevrokomissiya 2021 yilga nisbatan tashlamalarni qisqartirish talabini 100 foizdan 90 foizga tushirishni taklif qilmoqda. Qolgan 10 foizni esa ishlab chiqaruvchilar «yashil» (kam uglerodli) po‘latdan foydalanish, sintetik yonilg‘i, shuningdek oziq-ovqatga mo‘ljallanmagan xomashyodan olinadigan bioyonilg‘i — masalan, qishloq xo‘jaligi chiqindilari yoki ishlatilgan oshxona moyidan tayyorlangan bioyonilg‘ilar hisobiga qoplashi mumkin bo‘ladi. Bu bozorda gibridlarni, hatto ba’zi boshqa modellarni ham saqlab qolish imkonini beradi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers, shuningdek Germaniya va Yevropadagi eng yirik avtokonsern Volkswagen Yevrokomissiya taklifini ma’qulladi. O‘z navbatida, Germaniya avtomobil sanoati uyushmasi (VDA) va Greenpeace tashkiloti uni tanqid qildi. Tanqid bilan, shuningdek, shved elektromobil ishlab chiqaruvchisi Polestar rahbari Mixael Losheller ham chiqdi: uning fikricha, 100 foiz nol tashlama maqsadidan voz kechish Yevropaning raqobatbardoshligi va «toza» transportga investitsiyalarni izdan chiqaradi.

2022 yilda YeIga a’zo 27 davlat 2035 yilga borib yangi avtomobillar sotuvini amalda taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erishgan — ya’ni ularni 2035 yildan ro‘yxatdan o‘tkazishni to‘xtatishga kelishib olgan edi. Maqsad — 2050 yilgacha iqlim neytralligiga erishish strategiyasi doirasida avtomobil sohasida SO₂ tashlamalarining yuqori darajasini pasaytirish edi. Biroq so‘nggi yillarda Yevropa avtokonsernlari qator jiddiy muammolarga duch kelmoqda: texnologik chaqiriqlar, shuningdek AQShning Tesla elektromobil ishlab chiqaruvchisi va Xitoy elektromobil ishlab chiqaruvchilari tomonidan raqobatning keskin kuchayishi.

Hozir bu masalada YeI davlatlarining siyosiy pozitsiyalari keskin farq qiladi. Germaniya, Italiya, Polsha va boshqa davlatlar yuqori energiya xarajatlari hamda subsidiyalangan Xitoy modellari bilan raqobatni asos qilib, ko‘proq moslashuvchanlik talab qilmoqda. Ispaniya, Daniya, Shvetsiya va Niderlandiya esa, aksincha, qatiyroq yondashuvni saqlab qolishni so‘radi: ularning ogohlantirishicha, qoidalar yumshatilsa, investitsiyalar sekinlashadi va elektromobillarga talab pasayadi — bu esa zavodlar yopilishi va ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Yevrokomissiya tashabbusi kuchga kirishi uchun uni YeI davlatlari hukumatlari va Yevropa parlamenti ma’qullashi kerak. Biroq YeK, Yevroparlament va YeI Kengashi o‘rtasidagi keyingi muzokaralar murakkab bo‘lishi kutilmoqda: islohotni qabul qilish uchun yevrodeputatlarning ko‘pchiligi roziligi va YeI aholisining 65 foizini ifodalaydigan kamida 15 davlatning qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Ekspertlar har qanday qo‘shimcha noaniqlik Yevropa avtosanoatiga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidladi — u allaqachon Xitoydan qattiq raqobatga duch kelmoqda.

Mavzuga oid