Yevropa komissiyasi (YeK) Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga qaratilgan tahdidlarini tanqid qildi va ularni “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi. Bu haqda 6 mart, juma kuni, Bryusselda Yevropa komissiyasi vakili Olof Gill tegishli bayonot berdi. “Bunday turdagi til qabul qilib bo‘lmaydi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga nisbatan tahdidlar bo‘lmasligi kerak”, — deb keltirdi uning so‘zlarini AFP agentligi. “Bizning maqsadimiz — hamma biroz tinchlanishi, ritorikani yumshatishi va umumiy maqsadlarga erishishi”, — dedi Gill.

O‘z navbatida, Vengriyadagi muxolifatdagi “Tisa” partiyasi yetakchisi, Yevropa parlamenti deputati Peter Madyar Zelenskiyni o‘z so‘zlariga izoh berishga va kerak bo‘lsa, ularni qaytarib olishga chaqirdi. “Men aniq aytib qo‘ymoqchiman: hech bir xorijiy yetakchi hech bir vengerga tahdid qila olmaydi”, — deb iqtibos keltirdi siyosatchining so‘zlarini Vengriyaning 24.hu onlayn gazetasi. Madyar, shuningdek, “Drujba” quvuri orqali neft o‘tkazishni qayta tiklashga chaqirdi.

Vengriyalik siyosatchi Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan bo‘lgan “shantaj va tahdid urinishlarini” eng qat’iy tarzda rad etishini bildirdi.

“Tisa” partiyasi rahbari Vengriyaning energiya ta’minoti milliy masala ekanini, u partiyaviy siyosat va saylovoldi kampaniyasi doirasidan tashqarida turishini ta’kidladi. Madyar, shuningdek, Zelenskiy o‘z so‘zlariga aniqlik kiritib, Vengriyadan uzr so‘ramagunicha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati Ukraina bilan barcha munosabatlarni to‘xtatishi kerak, deb hisoblaydi.

Yevroparlament deputati fikricha, mamlakatga yangi bosh vazir kerak, chunki Orban doimiy ig‘vo va qutqular bilan mamlakatni mojaro va tartibsizlikka tortmoqda.

Vengriyada parlament saylovlari 12 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Bundan avval, 5 mart kuni, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, agar kimdir Kiyevga Yevropa yordamini to‘sib qo‘yishda davom etsa, Ukraina qurolli kuchlariga “Yevropa Ittifoqidagi bir odamning manzilini” berishini aytgan edi. Uning so‘zlaridan gap Vengriya bosh vaziri Viktor Orban haqida ketayotgani anglashilgan.

“Yevropa Ittifoqidagi bir odam 90 milliardni, yoki shu 90 milliardning birinchi transhini to‘sib qo‘ymasligiga umid qilamiz, shunda ukrain jangchilarida qurol bo‘ladi, aks holda — o‘sha odamning manzilini qurolli kuchlarimizga beramiz. Qo‘ng‘iroq qilib, u bilan o‘z tilida gaplashishadi”, — dedi Ukraina rahbari. “Bu pullarga bizda boshqa muqobil variant yo‘qligini tushunamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.