Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berlinda erkak Isroilga qarshi shiori uchun jarimaga tortildi
Berlindagi namoyishda “Daryodan dengizgacha” shiorini qo‘llagani uchun bir erkak 1350 yevro miqdorida jarima oldi. Terroristik tashkilotlar targ‘ibotini tarqatgani uchun ham unga yana shuncha miqdor to‘lash majburiyati yuklatildi.
Foto: Christian Mang/REUTERS
Berlin yer sudi (Landgericht) 25 yoshli erkakni Isroilga qarshi mazmundagi “Daryodan dengizgacha” shiorini qo‘llagani va terroristik tashkilotlar targ‘ibotini tarqatgani uchun jami 2700 yevro jarimaga hukm qildi. Bu haqda AFP agentligi chorshanba, 17 dekabr kuni xabar berdi. Sud matbuot kotibasi tushuntirishicha, mazkur ibora Germaniyada terroristik tashkilot deb tan olingan HAMAS harakatining “farqlovchi belgisi” sifatida baholangan. Erkak namoyish vaqtida ushbu shiorni baqirib aytgan.
Sud xulosasiga ko‘ra, “Daryodan dengizgacha” shiori — odatda uning davomi sifatida “Falastin ozod bo‘ladi” degan ibora keladi — HAMAS shiori hisoblanadi va uni so‘l kuchlar “ongli ravishda” qo‘llab-kuvvatlab kelgan. Sudga ko‘ra, uni ishlatish Isroil davlati “yo‘q qilinishi” va ushbu harakat targ‘ib qilayotgan “o‘ldirish va quvib chiqarish” maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashni anglatadi. Sud fikricha, ayblanuvchi bu shiordan “ochiq-oydin HAMAS tashkilotini anglatuvchi belgi sifatida” foydalangan.
Namoyish bir yil avval — 2024 yil dekabr oyida Berlinning Fridrixsxayn tumanida bo‘lib o‘tgan. Bundan tashqari, erkak Falastin radikal guruhiga tegishli targ‘ibot tasvirlarini ishlatgani uchun ham aybdor deb topilgan, ushbu guruh ham terroristik tashkilot sifatida tasniflanadi.
Shiordan foydalangani uchun sud 1350 yevro miqdorida jarima belgilagan, boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha jarimalar bilan birga umumiy summa 2700 yevroni tashkil etgan.
Matbuot kotibining aytishicha, Berlin yer sudining turli hay’atlari hozirgacha, asosan, “Daryodan dengizgacha” shiorini ishlatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi, degan qarashdan kelib chiqqan. Shu bilan birga, tuman sudlari bu masalada turlicha qarorlar chiqargan. Berlin Oliy yer sudi (Kammergericht) bu borada hali qaror qabul qilmagan.
Mavzuga oid
15:07 / 18.12.2025
Berlinda dronlardan himoya qilish markazi ochildi
20:40 / 15.12.2025
Sidneydagi terakt. So‘nggi ma’lumotlar
13:16 / 13.12.2025
Zelenskiy Berlinda YeIdagi ittifoqchilar bilan muzokaralarni davom ettiradi
17:48 / 09.12.2025